Startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kengayadi
Samarqand davlat universiteti Start-Up loyihalarini qo‘llab quvvatlovchi inkubatsiya markazi va O‘zbekiston talabalar assotsiatsiyasi hamkorlikda universitet talabalari uchun mahorat darsi o‘tkazildi.
Seminarda startap loyihalar ishlab chiqish, qo‘llab-quvvatlash, nufuzli stipendiyalarni qo‘lga kiritish masalalari muhokama etildi.

– Samarqand davlat universitetida inkubatsiya markazi ochilganiga bir yil bo‘ldi. Shu kunga qadar Fayzullo Nazarov boshchiligida 30 ga yaqin startap loyihalarni amalga oshirdik, – deydi rezident Bunyod Eshtemirov.
– Markazimizni tashkil etishdan maqsad axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiyalashdan iborat.

Jamoamiz bilan birga “HelpMed” loyihasi ustida ishlab, 150 million so‘mlik grant yutib oldik. Bunda aholining kasallik tarixini avtomatlashtirish, istalgan joydan turib kasallik tarixiga ega bo‘lish, bemorlardan turli testlarni hamda bemor va shifokor o‘rtasida onlayn kurslarni tashkil etish mumkin bo‘ladi. Rejalashtirgan loyihalarimiz ko‘p. Samarqand davlat universitetida ularni tatbiq etish uchun imkoniyatlar yetarli.
Tadbirda O‘zbekiston talabalar assotsiatsiyasi raisi Komila Mardonova tashkilotning mazkur yo‘nalishda olib borishni rejalashtirgan vazifalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Behruz Shamsiddinov,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi