Sportimiz rivoji uchun ovoz berdim
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlarida qizg‘in davom etmoqda.
Namangan tumanining Qirqizqo‘rg‘on mahallasi hududidagi 4-sonli umumta’lim maktabida joylashgan 282-saylov uchastkasida boks bo‘yicha ikki karra Osiyo chempioni, jahon chempionatining faol ishtirokchisi, xalqaro toifadagi sport ustasi Jasurbek Yo‘ldoshev ham Konstitutsiyada belgilangan huquqidan foydalanib, o‘zi munosib deb topgan nomzodga ovoz berdi.

– Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga, ayniqsa, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlarini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda, – deydi chempion sportchi Jasurbek Yo‘ldoshev. – Yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida kamina ham sportda salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritib kelyapman. Men Prezident saylovida sportimiz ravnaqi yo‘lida jon kuydiradigan, Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilariga har tomonlama sharoit yaratib beradigan nomzodni tanlab, unga ishonch bildirdim. Insonga e’tibor yurti hisoblangan Yangi O‘zbekiston hali dunyo ahlini lol qoldirishiga, o‘zbekistonlik sportchilar xalqaro sport maydonlarida g‘oliblik shohsupalarini zabt etishga qodir.
Ta’kidlash joiz, 10 yoshidan qo‘liga qo‘lqop ushlab, bokschi bo‘lishga astoydil ahd qilgan Jasurbekni Namangan tumani sport maktabi murabbiysi, birinchi ustozi Anvar Yo‘ldoshev o‘z ismiga mos tarzda tarbiyaladi. 20 yoshli mohir sportchi o‘tgan yili Toshkent mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, mazkur muvaffaqiyatini joriy yilning yanvar oyida Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan qit’amiz birinchiligida ham davom ettirib, 80 kilogramm vazn toifasidagi chempionlik titulini o‘zida saqlab qoldi. Yaqinda esa Qozog‘istonda o‘tgan “Prezident kubogi” xalqaro turnirida o‘z vazn toifasida faxrli ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medaliga sazovor bo‘ldi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA