Sportchilarimiz VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida qatnashmoqda
Bugun, 31-avgust kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Dunyoning 90 dan ortiq mamlakatidan 3 mingdan ziyod sportchi ishtirok etayotgan o‘yinlarning asosiy musobaqalari Bishkek va Cho‘lpon-Ota shaharlarida tashkil etiladi. Etnosportning 43 ta turi bo‘yicha o‘tadigan o‘yinlarda mamlakatimiz sportchilari musobaqalarning 32 yo‘nalishida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi. Yurtimiz sportchilari mas-restling, sambo, armrestling, kurash, belbog‘li kurash, bahodirlar o‘yinlari, uloq-ko‘pkari, bel olish va uchkurash, kamondan otish, ot sporti, sumo, aqliy o‘yin hamda O‘zbek jang san’ati kabi sport turlarida vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Ta’kidlash joizki, har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ilk musobaqalari 2014-yilda aynan Cho‘lpon-Ota shahrida tashkil etilgan. IV Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlariga 2022-yili Turkiyaning Bursa shahri mezbonlik qilgan bo‘lsa, V o‘yinlar 2024-yili Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida tashkil etilgandi.
Kecha Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida musobaqalarga hozirlik ko‘rayotgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida munosib ishtirok etish, har bir bellashuvda yuqori natijalarni qayd etish uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston vakillari nafaqat sportdagi mahoratini namoyon etishi, balki yurtimizning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari va sport an’analarini xalqaro maydonda keng targ‘ib etishi lozimligi qayd etildi.
Milliy o‘yinlar va etnosport turlarini rivojlantirish, milliy qadriyatlarni xalqaro miqyosda ommalashtirish va turli mamlakatlar sportchilari o‘rtasida tajriba almashishga qaratilgan VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari doirasida milliy sport turlari taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan ilmiy konferensiya, adabiy-badiiy tadbirlar va davra suhbatlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari 7-sentabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA