Sport xabarlari
Braziliyaning Salvador shahrida davom etayotgan erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik yosh polvonlar munosib ishtirok etmoqda.
Yunon-rum kurashi. Braziliyaning Salvador shahrida davom etayotgan erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik yosh polvonlar munosib ishtirok etmoqda.Chempionatning vazni 50 kilogrammgacha bo‘lgan yunon-rum kurashi ustalari o‘rtasidagi bellashuvlarida ishtirok etgan Javohir Mirahmedov bronza medalni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Vazni 55 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasidagi bahslarda qatnashgan hamyurtimiz Islom Bahromov ham keskin va murosasiz bellashuvlar yakunida shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
* * *
Boks. Xitoyda o‘tkazilayotgan xotin-qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ikki nafar sportchimiz bronza medalni qo‘lga kiritdi, yana ikki bokschimiz finalga chiqdi.
Vazni 69 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bahslarda Shahnoza Nizomova yarim finalda Xitoy Taypeyi vakili Vu Pey-I ustidan g‘alaba qozonib, hal qiluvchi bahsga yo‘l oldi. U oltin medal uchun kechadigan bahsda xitoylik Gu Xong bilan kuch sinashadi.
Yana bir hamyurtimiz Go‘zal Ismatova vazni 81 kilogrammdan yuqori bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi yarim final bahsida qozog‘istonlik Lazzat Kungenbayevani texnik nokautga uchratib, finalga chiqdi. U hal qiluvchi bahsda mezbon sportchi Vang Shijinga qarshi ringga ko‘tariladi.
Yarim finalgacha bo‘lgan bahslarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan Yodgoroy Mirzayeva va Dilnavoz Norxo‘jayeva o‘z vazn toifasida Osiyo chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi.
* * *
Tennis. Mamlakatimizning iqtidorli tennischilaridan biri Sanjar Fayziyev Minsk shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro turnirning yakkalik va juftlik bahslarida muvaffaqiyatli qatnashmoqda.
Turnirning yakkalik bahslarida sakkizinchi raqamda saralangan S.Fayziyev belaruslik Aleksey Xomichni 6:3, 6:2, isroillik Tal Goldengorenni 6:3, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalga yo‘l oldi.
Musobaqaning juftliklar bahslarida Sanjar Fayziyev gruziyalik Aleksandr Metreveli bilan hamkorlikda jamoadoshi Jo‘rabek Karimov va rossiyalik Aleksandr Bublikni 7:6, 3:6, 10:4, chorak finalda belaruslik tennischilar – Pavel Korenets va Maksim Tibar juftligini 6:4, 7:5 hisobida yengib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.