Sport vaziri xalqaro gandbol markazi qurilishini ko‘zdan kechirdi
Bugun qurilish maydoni, ertaga esa katta musobaqalar maydoni. Guliston shahrida 5 gektar maydonda barpo etilayotgan xalqaro gandbol markazi Sirdaryoda sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, yosh iste’dodlarni katta sportga tayyorlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining 40-sessiyasida jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berildi. Ommaviy sportni kengaytirish, yoshlarni sportga jalb etish, iqtidorlilarni erta aniqlash va ularni yuqori natijali sportga tayyorlash ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Sessiyada ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikromov Guliston shahrida bunyod etilayotgan xalqaro Gandbol markaziga tashrif buyurib, qurilish jarayoni bilan tanishdi.
5 gektar maydonda barpo etilayotgan mazkur majmua kelgusida Sirdaryoning sport hayotida muhim o‘rin tutishi kutilmoqda. Bu yerda gandbol bilan shug‘ullanuvchi sportchilar uchun zamonaviy mashg‘ulot sharoitlari yaratiladi, respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ladi
[gallery-30790]
Tashrif davomida ob’ektda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarining holati, bajarilayotgan ishlar sifati va loyihaning zamonaviy talablarga muvofiqligi muhokama qilindi. Markazni belgilangan muddatda va yuqori sifatda foydalanishga topshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Qurilish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ishlarni jadallashtirish va belgilangan talablarga qat’iy rioya qilish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Quruvchi tashkilot rahbari hamda viloyat Sport boshqarmasi mas’ullariga markazni xalqaro talablarga javob beradigan darajada barpo etish, ishlarni sifatli tashkil qilish va ob’ektni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Yangi markazning ahamiyati esa uning devorlari va maydoni bilan emas, balki u yerda kashf etiladigan yangi nomlar bilan o‘lchanadi. Zero, zamonaviy sport inshooti — bu faqat musobaqalar o‘tkaziladigan joy emas. U yangi iste’dodlar aniqlanadigan, yoshlar mahorati sayqallanadigan va chempionlik sari ilk qadam qo‘yiladigan maskandir.
Markaz foydalanishga topshirilgach, gandbolni viloyatda yanada ommalashtirish, yoshlarni muntazam mashg‘ulotlarga jalb etish, iqtidorli sportchilarni saralash va ularni professional sportga yo‘naltirish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
Ayni paytda Sirdaryoda sportning ommaviyligini oshirish bilan bir qatorda, yuqori natijalar sporti uchun munosib zaxira shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2026-yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” hamda 2,8 mingdan ziyod ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish orqali 512 ming nafar aholini sportga jalb etish, kamida 2,2 ming nafar iqtidorli yoshni sport maktablariga saralab olish vazifasi belgilangan.
Shu nuqtai nazardan, Gulistondagi xalqaro gandbol markazi ana shu katta maqsadlarning muhim amaliy bo‘g‘ini hisoblanadi. Bugun bu yerda qurilish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, ertaga ushbu maskanda yosh sportchilarning shijoati, murabbiylarning mashaqqatli mehnati va g‘alaba uchun kechadigan murosasiz bahslariga guvoh bo‘lish mumkin.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA