Sport: Ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Sport vazirligida aholini ommaviy sportga keng jalb etish, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va sport maktablariga seleksiya qilishning yagona tizimini joriy etish, murabbiy va mutaxassislarni natijalar asosida har oylik ustamalar bilan rag‘batlantirish hamda ustamalarni hisoblashning yangi mezonlari tahlil qilindi.
Yig‘ilish davomida davlatimiz rahbari tomonidan jismoniy tarbiya va sport tizimini yangi bosqichga olib chiqish borasida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlarni jadallashtirish, yozgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga tayyorgarligi, joriy yil 1-sentabrdan hududlarning sport jihoz va inventarlariga real ehtiyoji, aholining muayyan sport turlariga qiziqishi, qamrovi, mavjud infratuzilma, murabbiylar salohiyati hamda sportchilarning erishgan natijalari asosida ixtisoslashtirish tizimini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Sport vazirligi Ijro apparati rahbari Bobur Hamroyev ushbu masalalar yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
Taqdimotda sportchilar, trenerlar va mashg‘ulotlar hisobini ERP Sport axborot tizimi orqali raqamlashtirish, ommaviy sport bilan qamrovni baholashda rasmiy demografik hamda elektron tizim ma’lumotlaridan foydalanish, mahallalarda faoliyat yuritayotgan o‘zini o‘zi band qilgan murabbiylarni davlat sport tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar xususida so‘z bordi.
Yig‘ilish yakunida qaror ijrosini hududlarda tizimli tashkil etish, bu borada joylardagi mas’ullarga qulaylik yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, raqamli platformalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi vazifalarni o‘z muddatida bajarishni ta’minlash yuzasidan tavsiyalar bildirildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA