Sport targ‘ibotchisi vazifasini bajaryaptimi?
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida jamoada faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilash yo‘lga qo‘yilgan edi. Sport targ‘ibotchisi jamoada sportning ommaviyligini ta’minlash, xodimlarning muntazam sport bilan shug‘ullanishini tashkil etishga mas’ul hisoblanadi. Xo‘sh, bugungi kunda ushbu farmon ijrosi mehnat jamoalarida qanday amalga oshirilmoqda? Sport targ‘ibotchilari o‘z vazifasini bajara olayaptimi?
– Prezidentimiz farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida 2020 yilning dekabr oyida barcha davlat organlari va tashkilotlarda sport targ‘ibotchilari tayinlanib, ularga maxsus sertifikatlar topshirilgan edi, - deydi Samarqand viloyat turizm va sport boshqarmasi mas’ul xodimi Davron Umarov. – Ko‘plab tashkilotlarda sportga havasmand xodimlar biriktirilib, sport ishlari ancha jonlanib qolgan. Eng muhimi, omma orasida sportning salomatlikdagi tutgan o‘rni to‘g‘ri tushunilmoqda. Sekin-asta sport odamlarning kundalik ehtiyojiga aylanmoqda. Demak, yo‘lga qo‘yilgan tizim o‘z natijasini bermoqda.
Bevosita jarayonni o‘rganish maqsadida Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi sport targ‘ibotchisi faoliyatini o‘rgandik. Ta’kidlash joiz, boshqarmada sportga alohida talab va e’tibor bilan yondashilgan. Boshqarma mas’ul xodimi Otabek Majidov sportga havasmand bo‘lganligi uchun sport targ‘ibotchisi vazifasi unga yuklatilgan. O‘tgan bir yil davomida jamoada sportni ommalashtirish uchun boshqarma rahbariyati ko‘magida jamoa uchun maxsus sport xonasi tashkil qilishga erishgan.
– Qo‘shimcha vazifa yuklatilmasdan oldin ham jamoamiz bilan mini-futbol, shaxmat musobaqalarini uyushtirib, sport bilan muntazam shug‘ullanib kelar edik, - deydi Otabek Majidov. – Bu vazifa yuklatilgach viloyat turizm va sport boshqarmasi tomonidan jamoada sport xonalarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Rahbariyat va boshqarma hamkorligida maxsus xona tashkil qilinib, zarur sport anjomlari bilan ta’minlandi. bugungi kunda jamoamizning 20 nafarga yaqin xodimi, shuningdek, binoda faoliyat yuritayotgan Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlari ham ushbu xonada sport bilan shug‘ullanib kelmoqda. Boshqarmada shanba sport kuni sifatida belgilangan. Shu kuni barcha xodimlar binoda tashkil qilingan sport xonasida mashg‘ulotlarda qatnashadi. Xodimlarning salomatligini doimiy nazorat qilib borish maqsadida salomatlik burchagi tashkil qilingan. Unda o‘rnatilgan tana tahlilchisi to‘plami orqali xodimlar to‘liq nazoratdan o‘tib, ortiqcha vazn, yog‘lar, qon bosimi va boshqa ma’lumotlarni olish imkoniga ega. Shunga qarab sport mashg‘ulotlarida qatnashadi. Burchakda zarur tibbiy vositalar, birlamchi yordam uchun zarur dorilar ham tashkil qilingan. Shuningdek, jamoa bilan kelishgan holda haftaning bir kunini oldindan belgilab, ish vaqtidan so‘ng suzishga boramiz yoki futbol, voleybol, basketbol o‘yinlarini uyushtiramiz. Sportni ommalashtirish maqsadida boshqarma tomonidan o‘tgan 2021 yilda mini-futbol, stol tennisi, shaxmat-shashka bo‘yicha tizim xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazildi. Joriy yilda ham qator sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazib, xodimlarni sportga jalb etishni maqsad qilganmiz.
Sog‘ tanda – sog‘lom aql, deb bejizga aytishmagan. Har tomonlama sog‘lom xodim o‘z vazifasini o‘z vaqtida sifatli bajaradi. Shunday ekan, mas’ullar jamoasida sportni ommalashtirishga jiddiy e’tibor qaratishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Alisher ISROILOV(surat),O‘zA