Sport tadbirlari kerak va zarur
Talaba-yoshlarda jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan havas hamda intilishni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini yanada kuchaytirish, yosh iqtidorli sportchilarni tanlab olish, ularda professional mahorat va ko‘nikmalarni rivojlantirish, sport turlari bo‘yicha mamlakat terma jamoalariga sport zaxirasini tayyorlash hamda port mashg‘ulotlariga uzluksiz jalb etishda universitetimizda olib borilayotgan sport tadbirlarining tutgan o‘rni beqiyos.
Jismoniy tarbiya – talaba-yoshlarni jismoniy tayyorlashda, ularni jismoniy rivojlanishini yanada oshirishda, sog‘ligini saqlash va salomatligini mustahkamlashda, kelgusi professional faoliyatida sermazmun hamda ijodiy ishlashida muhim strategik fan sifatida yanada takomillashib, rivojlanib bormoqda.

Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari talabalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Vatan himoyasiga tayyorlashda katta imkoniyatlarga ega. Jismoniy tayyorgarligi yuqori bo‘lgan harbiy xizmatchilar, jismoniy tayyorgarligi past bo‘lgan harbiy xizmatchilarga nisbatan jangovor topshiriqlarni 1,5-2 barobar tez va sifatli bajarishi tadqiqotlarda isbotini topgan. Ishlab chiqarish korxonalarida ishchilarni jismoniy tarbiyaga jalb qilishni 2 foizga oshirish, ishlab chiqarish samaradorligini 6 foizga oshishiga olib kelishi ham isbotlangan holat.
Shuningdek, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan o‘quvchilar va talaba-yoshlarni fanlardan o‘zlashtirishi shug‘ullanmaydiganlarga nisbatan 20 foiz yuqori bo‘lishi ham amaliy jihatdan aniqlangan.

Hozirda chet mamlakatlar oliy ta’lim muassasalarida talaba-yoshlar jismoniy tarbiyasidagi zamonaviy texnologiyalar chuqur o‘rganilmoqda. Xorijiy davlatlarda jismoniy tarbiya masalalari, jumladan mashg‘ulotlar bizga qaraganda nisbatan individual-shaxsiy xarakterga ega. Har bir talaba o‘z salomatligi va sport yutuqlarini yaxshilashni o‘z oldiga o‘qishdagi asosiy maqsadlaridan biri sifatida qaraydi va unga shaxsiy yondoshadi. Ularni mashg‘ulotlarga qatnashishi ham o‘zi uchun eng qulay bo‘lgan vaqtga rejalashtiriladi. Bunday yondoshuv ular jismoniy tarbiyasini yaxshilanishiga katta yordam beradi. Talaba o‘zi uchun eng qulay vaqtda mashg‘ulotga keladi, mashq qiladi va uning ishtiroki elektron daftarlarga dastur asosida qayd qilib boriladi. Ular yoshga xos salomatlik va jismoniy tayyorgarlik hamda jismoniy rivojlanish indekslariga muvofiq o‘quv yillari davomida elektron baholanib boriladi.

bugungi kunda dunyo xalqlarining millat genofondini saqlash va mustahkamlashda jismoniy tarbiya vositalari yetakchi o‘rinni egallamoqda. Bunda oila, ta’lim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalarida olib borilayotgan ishlar muhim hisoblanadi. Har bir oila boshlig‘i, ta’lim muassalari rahbarlari o‘z jamoasi a’zolarining salomatligini saqlash va mustahkamlash yuzasidan rejali tadbirlar olib boradi. Bir qaraganda salomatlik davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan ustuvor yo‘nalish sifatida yetakchilik qilsada, lekin har bir shaxs yoshlik chog‘laridanoq o‘z salomatligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi kundalik hayot tarzida alohida tadbir hisoblanadi va u shaxsning kelgusi sog‘lom hayotida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish va boshqaruv tizimini raqamlashtirish, pedagogik va ilmiy salohiyatni yanada oshirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari sifatini tubdan yaxshilash, ilg‘or xorijiy sport-ta’lim texnologiyalarini joriy qilish orqali yuqori natijalarga erishish hukumatimiz tomonidan qo‘yilgan vazifalarni hal qilishda olib borilayotgan asosiy islohatlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Talaba-yoshlar kundalik hayotida jismoniy tarbiya va ommaviy sport masalalari o‘quv-tarbiya jarayonidagi muhim tadbirlar kompleksini tashkil qiladi. Talabalar o‘quv yillari davomida tanlagan sohasi bo‘yicha kasbiy malaka va ko‘nikmalarni egallash bilan bir vaqtda kelgusi hayotida zarur bo‘lgan salomatlik va jismoniy faollik asoslarini ham takomillashtirib boradi. Ular o‘quv rejasi bo‘yicha jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida, sport to‘garaklarida, sport musobaqalarida ishtirok etadi va o‘z jismoniy tayyorgarligini oshirib boradi. Talabalar o‘quv kuni tartibida aqliy mehnat hajmi yuqori bo‘lsada, uni jismoniy faollik bilan muvofiqlashtirib borish zamonaviy yashash tarzining muhim talabi va ehtiyoji sifatida yetakchilik qiladi. Shu sababli har bir zamonaviy talaba, bo‘lajak mutaxassis o‘z hayot faoliyatida jismoniy tarbiya va sportga alohida majburiy va ixtiyoriy tadbir sifatida qarashi va unga kun davomida kamida 45-60 minut vaqt ajratishi zarur.

O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bugungi kunda har 100 talabadan 27 nafari bir kunda jismoniy madaniyat mashg‘ulotlari uchun 15 daqiqadan, 29 tasi 20, 26 tasi 30, 7 tasi 40, 4 tasi 50, 2 tasi 60, 2 tasi 70 va 3 tasi 90 daqiqadan vaqt ajratgan. Natijalardan ko‘rinib turibdiki, bu ko‘rsatkichlar talab darajasida emas. Taraqqiy etgan davlatlarda, masalan, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Finlyandiya, Xitoy, Koreya, Yaponiya kabi davlatlarda bu ko‘rsatkichlar ancha yuqori.
Jismoniy tarbiya xalqimizning qadimiy qadriyatlaridan biridir. “Sog‘lom tanda sog‘ aql”, “Salomatlik – tuman boylik”, degan xalq maqollari bejiz aytilmagan. Salomatlikni saqlash va mustahkamlashda jismoniy mashqlar, tabiatning sog‘lomlashtiruvchi kuchlari (suv, havo, quyosh, tuproq va boshqalar)dan foydalanish kasalliklarni oldini olish, ish qobiliyatini oshirish, kayfiyatni ko‘tarish, o‘quv mehnati samaradorligini ta’minlash, uzoq, samarali va ijodiy umr ko‘rishda muhim ahamiyatga ega. Eng oddiy jismoniy mashqlarni bajarish ham organizmda ijobiy o‘zgarishlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Aholi, ayniqsa, talaba-yoshlar kundalik hayotida jismoniy tarbiyaning ahamiyatini yanada oshirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan ko‘plab farmon va qarorlar qabul qilindi. Jumladan, o‘tgan 3 yil mobaynida Davlatimiz rahbarining 2020 yi 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi va 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tadbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonlari, 2021 yil 5 noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “vorkaut” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi hamda 2022 yil 23 dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorlari qabul qilingani fikrimizning yaqqol isboti bo‘ladi.
E’tiborlisi, qabul qilingan ushbu hujjatlar samarasida aholi yashash joylarida velosped yo‘laklari, vorkaut, stretbol maydonchalari tashkil qilindi, “5000 qadam”, “10000 qadam” kabi salomatlik marafonlariga asos solindi. Gimnastikani butun malakat bo‘ylab rivojlantirish, gimnastika markazlarini tashkil qilish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
bugungi kunda islohotlarning, shu jumladan jismoniy madaniyat mashg‘ulotlarining asosiy yo‘nalishlari – zamonaviy texnologiyalar sharoitida aholining salomatligini saqlash va mustahkamlashga, jismoniy madaniyat mashg‘ulotlarida o‘quvchi va talaba-yoshlarni sog‘lom jismoniy rivojlanishini va jismoniy tayyorgarligini ta’minlashga, o‘quvchi va talaba-yoshlarda sog‘lom turmush tarzi malaka va ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan. Shuningdek, aqliy va jismoniy mehnatni muvofiqlashtirib borish hamda kelgusi mehnat faoliyatida jismoniy madaniyat mashg‘ulotlari bilan mustaqil shug‘ullanishni odatga aylantirishga hamda oilada, yashash joyida, mehnat jamoasida jismoniy madaniyatni, ommaviy sportni, sog‘lomlashtiruvchi gimnastikani targ‘ib qilish, sport yo‘riqchisi malakalariga ega bo‘lishga qaratilgan.
Olib borilayotgan islohotlar va amalga oshirlayotgan tadbirlar natijasida aholining ommaviy jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish darajasi sezilarli darajada ortib bormoqda. Bu umum aholi soniga nisbatan, 2020 yilda 19 foizdan 2021 yilda 28 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa, 2025 yilga borib bu natijani 40 foizga ko‘tarish mutasaddilar zimmasiga yuklatilgan. Shu o‘rinda, bu ko‘rsatkich Yaponiya, Xitoy, AQSH, Germaniya kabi rivojlangan mamlakatlarda 60 foizdan yuqori ekanini ham ta’kidlab o‘tish joiz.
Shuningdek, islohatlar jarayonida ta’lim muassasalarida jismoniy madaniyat bo‘yicha o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar sifatining pastligi, ommaviy musobaqalar kam o‘tkazilishi, ko‘rgazmali chiqishlar yo‘qligi va boshqa bir qator sabablar sohadagi asosiy muammolar hisoblanadi. Uzluksiz ta’lim tizimida jismoniy tarbiya fanining o‘qitilishi muhim ahamiyatga ega. Ta’lim tizimining alohida bir bo‘g‘inida jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarining sifatsiz o‘qitilishi, ikkinchi bir bo‘g‘inida bu jarayonning samarasi pasayishiga olib keladi. Talaba-yoshlarning jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishida ularni maktab davrida jismoniy tarbiya fanining yaxshi o‘qitilishi muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Universitet ta’lim jarayonida, jismoniy tarbiyadan aksari holatlarda maktab davridagi boy berilgan imkoniyatlarni tuzatish, joyiga qo‘yish uchun ko‘p vaqt talab qilinadi.
Bu o‘z navbatida jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish masalalariga salbiy ta’sir qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyot strategiyasida belgilangan 67-maqsadda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugullanadigan fuqarolarning sonini 2026 yilda 33 foizga chiqarish, respublika yoshlari o‘rtasida milliy sport turlari va xalq uyinlarini rivojlantirish lozimligi ta’kidlangan. Shuningdek, yurtimizning chekka hududlari va qishloqlarida sog‘lomlashtirish ishlarini yanada rivojlantirish, barpo etiladigan har bir “Yashil xudud”da yugurish, velosipedda harakatlanish uchun “Salomatlik yulaklari” hamda badminton, stritbol va vorkaut maydonchalarini tashkil etish belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, vazirlik, idora hamda tashkilotlar xodimlarini va aholini sport tadbirlariga jalb kilish, ular o‘rtasida musobaqalar tashkil kilishga ham katta ahamiyat berilgan.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida universitetimizda talaba-yoshlarimiz jismoniy tarbiyasini yanada takomillashtirish uchun tashkil qilinayotgan tadbirlar samaradorligini oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Talaba-yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb qilish, ular o‘rtasida musobaqalar o‘tkazish uchun yetarli zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
4 ta sport saroyi, 2 ta sun’iy qoplamali futbol maydoni, basketbol maydoni, yugurish yo‘laklari, vorkout maydonchasi, katta futbol maydoni va professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun zamonaviy fitnes zali namunali xizmat ko‘rsatmoqda. Universitetda jismoniy madaniyat, voleybol, kurash, xotin-qizlar sporti bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanayotir.
Jismoniy madaniyat fakultetida ayni paytda 880 nafar talaba tahsil olmoqda. Ular orasida jahon va Osiyo chempionlari, xalqaro turnirlar g‘oliblari, respublika chempionlari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Jismoniy tarbiya bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yanada ko‘paytirish maqsadida kelgusida futbol, stol tennisi, gimnastika, boks kabi sport faoliyati yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari jadal olib borilmoqda.
Albatta, jismoniy tarbiya va sport ishlarini tashkil qilish va o‘tkazish o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Sport faoliyati ham kishidan o‘ziga xos katta jismoniy va ruhiy tayyorgarlikni talab qiladi. Bundan hammani sportchi qilish kerak, degan xulosa kelib chiqmaydi, albatta. Ammo hammani jismoniy madaniyatli, sog‘lig‘i uchun zarur kundalik jismoniy faollikni ta’minlash imkoniyatini beradigan sog‘lomlashtiruvchi tadbirlarga keng jalb qilish zaruriyati universitetlar kun tartibida doimo dolzarb bo‘lib qolaveradi.
Furqat Ahmedov,
Jizzax davlat pedagogika universiteti
jismoniy madaniyat fakulteti dekani
O‘zA