Sport sohasidagi yangi qadamlar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi
"Olimpiya shaharchasi"dagi Sport vazirligi ma’muriy binosida “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri hamda “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi Prezident qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, Boks federatsiyasi va Milliy antidoping agentligi rahbarlari, ommaviy axborot vositalari va biznes hamjamiyatining bir qator vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumani avvalida "Olimpiya shaharchasi" haqida videorolik namoyish etildi. Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholining jismoniy faolligini oshirish va yoshlarni sportga keng jalb qilish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishga aylandi.
[gallery-28447]
Yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonun hamda “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi Prezident qarori sportni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, ommaviy sportni kengroq targ‘ib qilish va sport infratuzilmasini yanada takomillashtirish uchun huquqiy poydevor vazifasini bajaradi.
Ta’kidlanganidek, ushbu hujjatlar asosida sport sohasini moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlari joriy etilmoqda. Byudjetdan ajratilgan mablag‘lar samarali taqsimlanadi va tadbirkorlik sub’ektlari ham sportni qo‘llab-quvvatlashga jalb etiladi.
Matbuot anjumanida sport sohasidagi bugungi yangiliklar, yoshlarni sportga kengroq jalb qilish va milliy sport infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar bilan savol-javoblar o‘tkazildi va "Olimpiya shaharchasi" bo‘ylab press-tur tashkil etildi.
T.Ro‘ziyev, A.Mamadaminov (surat), O‘zA