Sport – salomatlik garovi
“Sport – salomatlik garovi” shiori ostida o‘tkazilayotgan spartakiadaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi yakunlandi.

“Sport – salomatlik garovi” shiori ostida o‘tkazilayotgan spartakiadaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi yakunlandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari orqali salomatligini mustahkamlashga ko‘maklashish va turli kasb kasalliklaridan muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan tashkil etilgan spartakiadada 220 nafar ishchi-xodim sportning stol tennisi, voleybol, shaxmat-shashka, badminton, suzish turlari bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
– Sport musobaqalari xodimlar salomatligini mustahkamlash bilan birga, ish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi mutaxassisi J.Ayapov. – Bu mamlakatimizda sportning ommaviyligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasidir.
Stol tennisi, shaxmat, shashka, badminton va suzish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Rametulla Fayzullayev, Nuraddin Mamutov, Ulug‘bek Omonov, Muhammaddin Qurbonnazarov, Oybek Sultonov, ayollar bahsida Ayna To‘rayeva, Guljon Mamutova, Guljamol O‘teuliyeva, Risgul Jumamuratova, Gulxumor Sotimova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Faqat xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol musobaqasida Taxtako‘pir tumani jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, “Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi”, “Eng mohir havaskor sportchi”, “G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi uchun”, “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyalari bo‘yicha ham ayollar va erkaklar o‘rtasida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan sportchilar rag‘batlantirildi.
G‘oliblar spartakiadaning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.