Sport – salomatlik garovi
Poytaxtimizda «Sport – salomatlik garovi» spartakiadasi yakunlandi. Unda Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatidan turli soha vakillari qatnashdi.
Poytaxtimizda «Sport – salomatlik garovi» spartakiadasi yakunlandi. Unda Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatidan turli soha vakillari qatnashdi.
Tadbirda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar qilib voyaga yetkazish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishda muhim vosita sifatida jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan ham bu borada qator ishlar amalga oshirilmoqda. «Sport – salomatlik garovi» respublika spartakiadasi turli soha xodimlari o‘rtasida sportni ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishni ta’minlash orqali ularning salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bu yilgi spartakiada stol tennisi, voleybol, shaxmat, shashka, badminton va suzish bo‘yicha o‘tkazildi.
Shaxmat bo‘yicha Toshkent viloyati vakillari Mirzayoqub Miraliyev va Maftuna Mamatqulova, shashka bo‘yicha toshkentlik Bahodir Ubaydullayev va sirdaryolik Gavhar Mirzaahmedova, stol tennisi bo‘yicha toshkentlik Qahramon Hasanov va Toshkent viloyatidan Irina Shoahmedova, badminton bahslarida toshkentlik Sergey Gimadeyev va Dilfuza Sultonova, suzish musobaqalarida sirdaryolik Ahtem Settayev va toshkentlik Yelena Lisitskaya g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Voleybol bahslarida Toshkent shahri jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent shahri jamoasi birinchi, Toshkent va Jizzax viloyati jamoalari ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarni egalladi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.