Sport millat va elatni birlashtiradi
Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi Nurobod mahallasida 12x24 metr o‘lchamdagi zamonaviy sport zali foydalanishga topshirildi.

Zamonaviy sport jihozlarlari bilan ta’minlangan majmua qurilishiga "Tashabbusli byudjet"dan 1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Yangi sport zalining foydalanishga topshirilishi nafaqat yoshlarni, balki turli millat va elat vakillaridan tarkib topgan mahalla ahlining kurash sport turiga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishga, ishtiyoqini oshirishga xizmat qiladi.

— Shirin shahrida 30 dan ortiq millat va elat vakillari og‘a-ini, yaqin qarindoshdek inoq yashashadi, — deydi mehnat faxriysi, O‘zbekiston Qahramoni Mirzoahmad Shoimov. – Eng asosiysi, do‘stlik va hamjihatlik bayrami juda chiroyli nishonlanyapti. Bayram munosabati bilan yangi kurash sport zalining foydalanishga topshirilgani do‘stlik va hamjihatlikni ulug‘laydigan Shirin shahri aholisi uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.

Xullas, Shirin shahrida ham Sirdaryo viloyatining boshqa hududlarida bo‘lgani kabi do‘stlik va hamjihatlikni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar yangradi, yangi kurash sport zalida turli millat va elat vakillaridan tarkib topgan mahallalar yoshlari o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazildi. G‘oliblar, sovrindorlar va mahalla faollari e’tirof etilib, shahar hokimligining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


G‘ulom PRIMOV,
O‘zA muxbiri