Sport maydonchasi yoshlar ixtiyorida
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi bayrami oldidan Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Obod turmush mahallasida zamonaviy universal sport maydonchasi barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Tadbirda tuman hokimligi, viloyat sport boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi vakillari, nuroniylar, mahalla faollari, yoshlar ishtirok etdi. Mamlakatimizda mahalla yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishlariga ko‘maklashish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, sport bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, bu esa samarali natijalar berayotganligi ta’kidlandi.
Mahalla yoshlarining gandbolchilar jamoasi o‘tgan yilgi “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi gandbol musobaqasining mamlakat bosqichida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Ma’lumki, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi musobaqalarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoasiga mukofot sifatida ana shu mahallada universal sport maydonchasi qurib berilishi belgilangan. Mahalla yoshlari erishgan yutug‘i bilan o‘z mahallasida universal sport maydonchasi qurilishiga zamin yaratdi.
Tadbir davomida sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, jamoaviy mashg‘ulotlar namoyish etildi. Yangi sport maydonchasida sport mashg‘ulotlari, turli musobaqa va turnirlar, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
[gallery-24647]
Zamonaviy, belgilangan standartlarga to‘la javob beradigan yangi universal sport maydonchasi mahalla yoshlarining sport bilan muntazam shug‘ullanishi, sog‘lom va barkamol bo‘lishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishida muhim ahamiyat kasb etadi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari