Sport: imkoniyat va istiqbollar
Bugungi kunda qay bir sport turi bo‘lsa ham yoshlarimiz xalqaro maydonlarda Vatan bayrog‘ini baland ko‘tarib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda.
Dunyoning eng rivojlangan davlatlari sportchilari musobaqalarda bizning sportchilarimiz bilan hisoblashyapti. Vatanimiz yoshlari erishayotgan natijalar esa har birimizni birdek quvontirmoqda. Yutuq va g‘alabalarimiz zamirida esa mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan e’tibor yotibdi.

Navoiy olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejida ham Vatan sha’nini ulug‘lab, yurt bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilar tarbiyalanmoqda. Ayni paytda kollejda 21 ta sport turi mavjud bo‘lib, ularning 19 tasi olimpiya va 2 tasi milliy sport turlaridir.
– Kollejda 2021-2022 o‘quv yilida 549 nafar o‘quvchi ta’lim olgan bo‘lsa, ularning 100 nafari bitiruvchilardir, – deydi kollejning sport ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Aziz Shomurodov. – O‘quvchilarimizga 65 nafar malakali va tajribali trenerlar saboq berib kelmoqda O‘qituvchilarning 18 nafari oliy, 38 nafari birinchi toifali trenerdir. Yoshlar turli musobaqalarda faol ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarmoqda. Yakunlangan o‘quv yili davomida O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida 357 ta medal qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, ularning 102 tasi oltin, 115 tasi kumush va 140 tasi bronzadir. Shuningdek, Osiyo chempionati va kubogi musobaqalarida 4 ta kumush va 2 ta bronza, Jahon chempionati va kubogi musobaqalarida esa 4 kumush va 3 ta bronza medaliga egalik qilgan.

bugungi kunda yoshlar kollej bitiruvchilari Kumushxon Fayzullayeva, Elbek Sultonov bilan faxrlanadi. K.Fayzullayeva 2018 yil oktyabr oyida Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida bo‘lib o‘tgan III Butunjahon o‘smirlar olimpiada o‘yinlarida og‘ir atletika bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2020 yil Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida faol ishtirok etdi. Shuningdek, E.Sultonov Tokio olimpiadasida para yengil atletikaning G‘12 klassida yadro uloqtirish bo‘yicha 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, bronza medaliga sazovor bo‘lgan edi.
– Hozirda 10-18 iyun kunlari og‘ir atletika bo‘yicha Meksikada bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘ryapman, – deydi kollej tarbiyalanuvchisi Nigora Suvonova. – Tayyorgarlik jarayonlari yaxshi ketmoqda. Ayni paytda o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etayotgan bo‘lsam, kelgusida kattalar o‘rtasidagi chempionatlarda, olimpiya o‘yinlarida qatnashish niyatidaman.

Yutuqlarga erishayotgan o‘smirlarimiz kelgusida xalqaro darajadagi musobaqalarda ishtirok etish imkoniga ega. Ular uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2021 yil 5 noyabr kuni “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Bu barcha sport turlarini rivojlantirish orqali yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqini beruvchi litsenziyalar sonini ko‘paytirish, 2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarimizning har tomonlama tayyorligi va muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash uchun dasturilamaldir.
– Ushbu qaror ijrosini ta’minlash va kelgusi yillarda natijadorlikni yanada oshirish maqsadida istiqbolli rejalarni tuzib olganmiz, – deydi A.Shomurodov. – Hozirda sportchilarning o‘quv-mashq jarayonlariga eng yangi ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan ularni nazariy va texnik-taktik jihatdan tayyorlashga alohida e’tibor qaratyapmiz. Buning uchun yurtimizdagi boshqa sport ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Shuningdek, davlat buyurtmasi asosida unvonli va razryadli sportchilarni tayyorlash diqqat markazimizda.
Har bir chora-tadbir ertaga o‘zining ijobiy samarasini berishi shubhasiz. Yosh sportchilar esa Vatanimiz nomini yana bir bor jahon arenalarida yangrashiga, yurt bayrog‘ining esa baland hilpirashiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA