Sport faxriylariga ehtirom ko‘rsatildi
Bayramlar, muhim sanalar arafasida faxriylarni qadrlash, ularga hurmat ko‘rsatish, holidan xabar olish xalqimizga xos yuksak fazilatdir. Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan bir guruh sport faxriylariga ehtirom ko‘rsatildi.
Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tgan tadbirda faxriylarimizning uzoq yillik fidoyi mehnati hamisha davlatimiz e’tiborida ekanligi ta’kidlandi.

Tadbirda 80 yoshni qarshi olgan faxriy murabbiy Omon Toymurodovga Milliy olimpiya qo‘mitasining esdalik medali topshirildi. Shuningdek, bir qator faxriylarga Kasaba uyushmalari federatsiyasi ko‘krak nishonlari, bayram ishtirokchilariga sovg‘alar va pul mukofotlari berildi.

Faxriylar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasida ulkan islohotlar amalga oshirilayotganini e’tirof etib, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibordan mamnunligini bildirdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA