Spiker va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilovning yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Qonunchilik palatasining rahbariyati, fraksiya rahbarlari, deputatlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, siyosiy partiyalarning “Yoshlar qanoti” vakillari, shuningdek, barcha hududlarda tashkil etilgan studiyalar orqali faol va tashabbuskor yoshlar hamda Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining hududlardan saylangan a’zolari qatnashdi.
Ma’lumki, o‘tgan haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot bilan tanishib, 2024 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga ham alohida e’tibor qaratdi. Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasida ilk bor keng ko‘lamli formatda tashkil etilgan uchrashuvda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, bu borada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani xususida so‘z yuritildi.
— Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov. — Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham yosh avlodning huquq va manfaatlari mustahkamlab qo‘yilgani O‘zbekistonda yoshlarga bo‘lgan e’tiborni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi. Xususan, yangilangan Konstitutsiyamizda davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlashi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirishi muhrlab qo‘yildi. Davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlandi.
Shuningdek, Spiker o‘z so‘zida yoshlarni parlament faoliyati va qonun ijodkorligining barcha bosqichlariga jalb etish, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish yuzasidan yangi va ustuvor yo‘nalishlarni belgilashda ularning faolligini yanada kuchaytirish, yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuvda siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqib, bugungi kunda qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil tadbirlari, fraksiyalar tomonidan ilgari surilayotgan yangi g‘oyalar, yangi tashabbus va takliflar haqida keng ma’lumotlar berishdi. Qayd etilganidek, o‘tgan qisqa davrda yoshlarga oid 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinib, izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish maqsadida har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.
Yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan shu yilning o‘tgan davrida 338 ming nafar yigit-qizga 444 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Xususan, talabalarning shartnoma mablag‘lari to‘landi, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish xarajatlari qoplab berildi. Ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratildi. Joriy yilda 236 ming nafar ishsiz yigit-qiz va 189 ming nafar maktab bitiruvchisining bandligi ta’minlandi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga jalb qilish, qabul qilinayotgan qonunlarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish maqsadida Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya hamda Oliy Majlisning har ikkala palatasi huzurida Yoshlar parlamentlari faoliyat olib borayotgani ta’kidlandi. Ular tomonidan qonun loyihalariga takliflar berish, qonunlarning mazmun-mohiyati, yoshlarning parlament faoliyati va qonun ijodkorligining barcha bosqichlaridan xabardorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Uchrashuvda yoshlar ham so‘z olib, ularga yaratilayotgan keng ko‘lamli imkoniyatlar haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
— Bugungi uchrashuvda biz quyi palata faoliyati, norma ijodkorligi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mita ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik, — deydi Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Farzona Iskandarova. — Ta’kidlashim kerakki, palata majlislarining onlayn uzatilayotgani biz bo‘lajak yuristlar uchun foydali bo‘lmoqda. Sababi, qabul qilinayotgan qonunlar mazmuni, muhokamalar jarayoni, tortishuvlar, bahs-munozaralar bizda katta qiziqish uyg‘otyapti. Bundan tashqari, deputatlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali qonun loyihalarini takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflardan ham xabardor bo‘lib turibmiz.
IT Park Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali menejeri Islambek Ismaylov esa o‘z so‘zida yoshlar forumlari va konferensiyalarni ko‘proq tashkil etish taklifini bildirdi:
— Prezidentimiz shu yil 15 dekabrda yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishar ekan, kelgusi yilda yoshlar siyosatidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdilar. Jumladan, O‘zbekiston bolalar tashkilotini tuzish taklifi bildirildi. Bu bolalar iste’dodini rivojlantirish, ularning qizishlari ortishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi uchrashuv davomida O‘zbekistonning qonunchilik jarayoni haqida ko‘p ma’lumot oldim. Jumladan, qonunlarni birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘qishda qabul qilishning o‘ziga xos xususiyatlari haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish, bugungi kundagi dolzarb masalalar yuzasidan Yoshlar forumlari va konferensiyalarni ko‘proq tashkil etish maqsadga muvofiq, — dedi Islambek Ismaylov.
Tadbir yakunida yoshlar zamonaviy parlament kutubxonasi, katta majlislar zali hamda Qonunchilik palatasining muzeyi bilan yaqindan tanishdilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA