So‘z san’atiga mehr Zomindan boshlangan
Jizzax viloyatining Zomin tumanida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan 28 yil avval asos solingan iste’dodli yosh ijodkorlarning Zomin respublika seminari tantanali ochildi.
Navoiy kon-metallurgiya zavodining sihatgohida tashkil etilgan ushbu nufuzli seminarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, tegishli tashkilot va idoralar, Yozuvchilar uyushmasining mas’ul xodimlari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, yosh ijodkorlar taklif etildi.
Mazkur seminar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Xalq banki, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Jizzax viloyati hokimligi kabi tuzilmalar hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Sirojiddin Sayyid, Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Akmal Savurboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, atoqli shoira Farida Afro‘z va boshqalar ushbu seminar Vatan adabiyotiga mehri baland yoshlarni o‘z atrofiga jamlaganini e’tirof etdi.
[gallery-24194]
– Prezidentimiz 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz yigit-qizlari bilan uchrashuvi yurtimiz farzandlarining qalbiga bir umr muhrlanib qoldi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Bu yerga ma’rifatli qurol, ezgulikni shior qilgan yoshlar jamlangan. Ularning ezgu intilishlari ana shunday seminarlarga yetaklab kelgan. Biz talabalik davrimizda bunday seminarlarni faqat orzu qilardik. Negaki, bizning talabalik yillarimiz paxta dalalarida o‘tgan. Ne-ne bo‘lg‘usi Beruniylar, Navoiylar o‘sha paxtazorlarda qolib ketgan. Bu yerga yetib kelgan ko‘plab yoshlarimiz "Vatan tayanchi", "Mard o‘g‘lon" kabi yuksak nishonlarga sazovor bo‘lgan. Istardimki, yoshlarimiz shunday e’tiborga, ehtiromga munosib bo‘lishlarini, qadriga yetishlarini. Hech joyda hayot o‘z-o‘zidan oson bo‘lib qolmaydi.Ushbu seminarga 28 yil avval tamal toshi qo‘yilgan. Bugungi seminar ishtirokchilari ham adabiyotning haqiqiy qaldirg‘ochlari bo‘lib ustoz ijodkorlar safiga qo‘shilishiga tilak bildiraman. Umid bildiramanki, bu yerdagi yoshlardan Hamid Olimjonlar, Zulfiyaxonimlar, Abdulla Oriflar yetishib chiqadi.
– Ulug‘ adiblar ortidan kelayotgan ijodkor yoshlar kelajakning haqiqiy bunyodkoridir, – dedi Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Akmal Savurboyev. – Bu yerga adabiyotning chin muxlislari yig‘ilgani, bu kabi seminarlar yosh ijodkorlar qalbini g‘ururga to‘ldirgani e’tiborga molikdir. Vatan adabiyotiga bo‘lgan mehr va ehtirom aynan Zomin seminaridan boshlangani diqqatga loyiqdir.
Seminarning ilk kunida she’riyat bayrami, mushoira bo‘lib o‘tdi. Katta sahnada ustozlar va yosh ijodkorlar birgalikda she’r o‘qidi.
Nazokat Usmonova, Jamshid Yorbekov (suratlar), O‘zA muxbirlari