So‘z qudratini anglatgan adib
Adabiyot — inson qalbiga yo‘l topadigan, tafakkurni charxlaydigan, jamiyatni o‘zgarishga undaydigan buyuk kuch. Chinakam badiiy asar insonni hayot haqida mushohada yuritishga, atrofidagi voqea-hodisalarga teranroq nazar tashlashga chorlaydi. O‘zbek adabiyotining zabardast namoyandasi Abdulla Qahhor ijodi ana shu jihatlari bilan hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Guliston davlat pedagogika instituti Tillarni o‘qitish fakultetida bo‘lib o‘tgan «Abdulla Qahhor — o‘zbek nasrining ustuni» mavzusidagi adabiy-ma’rifiy tadbir ham adibning boy ijodiy merosini yana bir bor kashf etish, uning asarlari orqali hayot haqiqatini anglashga qaratildi. Unda filologiya fanlari doktori, professor Usmonjon Qosimov, fakultet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etishdi.

Abdulla Qahhor o‘zbek nasriga hayotni xolis kuzatish, inson ruhiyatini nozik his etish va borliqni badiiy haqiqat bilan aks ettirishning o‘ziga xos maktabini olib kirgan ijodkordir. Uning asarlarini o‘qiganda, go‘yo oddiy hayotiy manzaralar ortida yashiringan murakkab taqdirlar, inson qalbidagi iztiroblar va jamiyatdagi ziddiyatlar ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Adib ortiqcha so‘zbozlikka berilmaydi, ammo har bir so‘zi, har bir obrazi orqali o‘quvchini o‘ylashga, xulosa chiqarishga undaydi. Yozuvchining mahorati ham shunda — u hayotni shunchaki tasvirlamaydi, balki uning mohiyatini ochib beradi. Qahramonlar taqdiri orqali inson tabiatidagi nozik va murakkab jihatlarni ko‘rsatadi, kulgi ortiga yashiringan dardni, oddiy voqealar zamiridagi katta haqiqatni namoyon etadi. Shu bois Abdulla Qahhor hikoyalari oradan qancha vaqt o‘tmasin, kitobxonni befarq qoldirmaydi.

Tadbirda professor Usmonjon Qosimov adib ijodining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, inson ruhiyati va ijtimoiy muhit tasviri, obraz yaratish hamda so‘zdan samarali foydalanish mahorati haqida atroflicha so‘z yuritdi. Ayniqsa, yozuvchining qisqa ifoda orqali keng ma’no berish, hayotiy voqealarni badiiy umumlashtirish va o‘quvchi qalbiga ta’sir o‘tkazish qobiliyatiga e’tibor qaratildi.
Abdulla Qahhorning «Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini o‘tin yorishga sarf qilish kerak emas» degan mashhur hikmati bejiz aytilmagan. Zero, so‘zning qudrati uning balandparvozligida emas, inson qalbiga qanchalik chuqur kirib borishi, tafakkurni nechog‘lik uyg‘otishi va ma’naviy o‘zgarishlarga turtki berishi bilan belgilanadi. Adabiyot insonni ezgulikka chorlasa, uning qalbida adolat tuyg‘usini mustahkamlasa, demak, u o‘zining eng yuksak vazifasini bajargan bo‘ladi.

— Adabiyotning qudrati inson qalbiga yo‘l topish, uni fikrlashga undash, ezgulik va adolat tuyg‘ularini mustahkamlashda namoyon bo‘ladi. Abdulla Qahhor ijodi so‘zning ana shu ta’sirchan kuchini, hayot haqiqatini badiiy mahorat bilan ifodalash qanchalik muhimligini ko‘rsatuvchi yorqin misoldir, — dedi professor Usmonjon Qosimov.
Bugungi axborot oqimi shiddat bilan kengayib, yoshlar e’tibori uchun turli manbalar raqobatlashayotgan bir paytda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, milliy adabiyotimiz durdonalarini chuqur o‘rganish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki kitob mutolaasi nafaqat bilim beradi, balki insonni mushohadaga, voqealarga tanqidiy nazar bilan qarashga, o‘z fikrini mustaqil shakllantirishga o‘rgatadi. Abdulla Qahhor asarlari esa bu borada o‘ziga xos hayot maktabidir.

Institutda tashkil etilgan uchrashuv ham talabalarni adib ijodini yangicha nigoh bilan o‘rganishga, asarlarning badiiy qatlamlarini anglashga va ulardan hayotiy saboqlar chiqarishga undadi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, milliy adabiyotimizning boy merosi haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdilar.

Zero, haqiqiy adabiyotning umri uni yaratgan davr bilan cheklanmaydi. U avlodlar bilan birga yashaydi, har bir yangi kitobxon qalbida yangidan ma’no kasb etadi. Abdulla Qahhor ijodining bugun ham qadrli ekani, avvalo, so‘z san’atining inson va jamiyat hayotidagi beqiyos kuchidan dalolatdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri