So‘z qadrini baland tutgan shoir
Guliston shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Sa’dulla Hakimov xotirasiga bag‘ishlab "So‘z qadrini baland tutgan shoir" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda ijodkorlar, keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari, institut professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirni Guliston davlat pedagogika instituti professori, filologiya fanlari doktori Elmurod Nasrullayev olib bordi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov shunday tadbirlar ahamiyatini ta’kidlar ekan, davlatimiz rahbari tomonidan marhumlarni xotirlash, ustozlarni qadrlash va ular ijodini keng targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilayotganini alohida aytib o‘tdi.
Shoir Sa’dulla Hakimovning qizi Fotima Tolipova o‘z otasi haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Uning aytishicha, Sa’dulla Hakimov nafaqat mehribon ota, balki farzandlariga nisbatan talabchan bo‘lib, ularning o‘qishlarini doimo nazorat qilib, yaxshi o‘qiganida rag‘batlantirgan va o‘qishga beparvolik qilganida tanbeh bergan.

Shoirning sinfdoshi Shakar Temirov uning ziyrakligi va kitobxonligi haqida so‘zlab, Sa’dulla Hakimning yoshligidan kitoblarga bo‘lgan katta mehrini, sinfdagi barcha bolalarni kitob o‘qishga undashini aytib o‘tdi. "Biz bitirgan yili tumanimizdagi 79-maktabning barcha bitiruvchilari – sinfimizdagi o‘g‘il bolalarning hammasi oliy o‘quv dargohlariga o‘qishga kirgandi," – dedi u.
Tadbirda Guliston davlat pedagogika instituti rektori J. Karshibayev va filologiya fanlari doktori, professor Ixtiyor Ermatov Sa’dulla Hakimovning ijodi haqida ma’ruza qildi. Ular shoirning jamiyatdagi o‘rni, uning ijodiy merosi va o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratishdi.

Tadbir nihoyasida Guliston davlat pedagogika instituti talabalari tomonidan Sa’dulla Hakimov ijodiga bag‘ishlab tayyorlangan she’riy kompozitsiya namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xalqaro Ahmad Yassaviy mukofoti sovrindori Baxtiyor Xolxo‘jayev tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlar qalbida chuqur taassurot qoldirdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri