“Soyibobod” kun sayin obod bo‘lmoqda
Davlat mustaqilligimizning 33 yilligini ko‘tarinki, keng nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan ayni kunlarda bosib o‘tilgan yillaru yo‘llarga tiyran shuur bilan boqsangiz, ko‘ksingiz g‘ururga to‘ladi. Kun sayin chiroy ochayotgan shaharlarimiz, bozorlarimiz, yo‘llarimiz, aholi maskanlaridagi ijobiy o‘zgarishlarni mamnuniyat bilan e’tirof etmoq joiz.
Faxrga arzigulik bu kabi ezgu o‘zgarishlarni Sirdaryo viloyatining nurli manzillari misolida ham istalgancha kuzatish mumkin. Jumladan, Guliston tumanidagi “Soyibobod” MFY hududida ham aholining turmush farovonligini oshirish, munosib sharoitlar yaratish yo‘lida keng qamrovli ijobiy o‘zgarishlarga qo‘l urilmoqda.

–-Mahallamiz hududida 4 ming 815 nafar aholi istiqomat qiladi,– deydi rais O‘tkir To‘xtamishev. – Fuqarolarimiz Vatanimiz mustaqilligining 33 yillik to‘yini o‘zgacha kayfiyatda qarshilamoqda. Negaki, keyingi davrda hududdagi 6 ta ko‘chaga shag‘al yotqizildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 2 ta ichimlik suvi tik quvuri o‘rnatilib, yana 7 ming 200 metr eski quvurlar yangisiga almashtiriladi. 247 ta beton ustun, 3 ta podstansiya o‘rnatiladi va yangi kabellar tortiladi. Sizot suvlarni kamaytirish maqsadida 2600 metr zovur tozalandi. Homiylar ko‘magida 2200 metr zovurda tozalash ishlari olib borildi. Hashar yo‘li bilan yana 500 metr zovur tozalanib, bitta drenaj soz holatga keltirildi. Tozalangan zovurlarga yangidan 5 ta ko‘prik qurildi.
Joriy yilda mahallada “Sayxunobod tajribasi”ni tatbiq etish maqsadida 35 nafar fuqaroga 3 yil muddatga har biriga 15 million so‘mdan “Sanoatqurilishbank”ning filiali tomonidan imtiyozli kredit ajratib berildi. Bu mablag‘lar xonadonlarda parrandachilik, asalarichilik, chorvachilik, tomorqachilikni rivojlantirish va issiqxonalar qurishga sarflandi. “Xalq banki”ning 5 millionli imtiyozli krediti asosida ehtiyojmand oilalarning 4 tasiga issiqxona qurib, 4 ta xonadonga 50 tadan parranda ozuqasi va katagi bilan yetkazib berildi. Nogiron va ehtiyojmand oilalarning uylari homiylar hisobidan ta’mirlandi. Bir nafar nogiron fuqaromiz davolanishi uchun 5 million 300 ming so‘m miqdorida homiylik mablag‘i ajratildi.

Shuningdek, “Guliston–Bekobod” avtoyo‘li mahallamizning qoq o‘rtasidan o‘tgan. Shu kunlarda 3-maktab jamoasi tashabbusi bilan ta’lim-tarbiya maskani yaqiniga svetofor o‘rnatilmoqda. Yo‘l bo‘yidagi qariyb ikki chaqirim masofa piyodalar yo‘lagi qurish maqsadida joriy “Tashabbusli byudjet” loyihasiga kiritilgan bo‘lib, ayni paytda mahallamiz aholisi zo‘r g‘ayrat bilan bu borada tunu kun ish olib bormoqda.
–-Shu o‘rinda mahallamizdagi 3-umumta’lim maktabi 500 o‘quvchiga mo‘ljallanganligini aytmoqchiman. Unda 850 nafarga yaqin farzandlarimiz ta’lim-tarbiya olmoqda,–deydi mahalla xotin-qizlar faoli Mohipora Ismoilova. –-Ularning yarmidan ko‘pi qiynalib, salkam 1,5 chaqirim yo‘l bosib, maktabga keladi. Mahallamiz hududida 12 ta savdo do‘koni, 2 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 2 ta hunarmandchilik ustaxonasi, 4 ta sartaroshxona, 3 ta avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, tikuvchilik va uyali aloqa vositalarini tuzatish ustaxonasi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, ma’naviyat bulog‘i sanalmish o‘z kutubxonamiz yo‘q.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Ma’naviyatli mahalla” respublika tanlovining tuman bosqichida qizg‘in ishtirok etgan mahallamiz jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Mahallada 70 nafardan ziyod yigit-qizga 30-50 sotixdan ekin maydoni berildi. Ularning bandligi ta’minlanib, ish staji yuritilmoqda. “Yoshlar daftari”ga kirgan 30 nafardan ortiq yigit-qizga bank krediti va subsidiya olishlarida ko‘mak ko‘rsatildi.
“Besh tashabbus” doirasida mahallada sportning 12 ta turi bo‘yicha musobaqalar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Shu mahallalik Ravshan Jumaboyev erkin kurash bo‘yicha Osiyo chempioni, Diyorbek Haydarqulov voleybol bo‘yicha respublika yoshlar terma jamoasi a’zosi, Ahmadjon Jo‘rayev erkin kurash bo‘yicha viloyat sovrindori hisoblanadi. Bundan tashqari, mahalla jamoasi “Zakovat” intellektual o‘yinida viloyat bo‘yicha 3-o‘rinni qo‘lga kiriib, “QVZ” o‘yinlarining respublika bosqichida qatnashishga muyassar bo‘ldi.
Muxtasar aytganda, “Soyibobod”da muammolar bo‘lsada, ijobiy o‘zgarishlar ko‘proqdir.
Vohid Boymurodov, O‘zA