Soxtalashtirib bo‘lmaydigan sertifikat
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tarkibida barcha viloyat hamda tumanlarda rahbar ayollar faoliyat yuritib keladi.
Xo‘sh, bugun ularning asosiy faoliyati nimadan iborat? Xotin-qizlarning ish bilan bandligi, tadbirkorlik masalasida qanday ko‘mak berib kelmoqda?
Ushbu savollarga javob olish maqsadida Samarqand viloyati, Paxtachi tumani “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi rahbari Mavjuda Amonovani suhbatga chorladik.
– Hozir shaxsan mening eng asosiy faoliyatim “Ayollar daftariga” kiritilgan xotin-qizlarni kasbga yo‘naltirishga qaratilgan, – deydi opa suhbat avvalida. – Bu daftarga ishsiz, moliyaviy ko‘makka muhtoj ayollar kiritiladi.

– O‘qitish tartibi qanday?
– Har bir mahalla “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar ro‘yhatini shakllantirib, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tuman bo‘limiga yuboradi. U yerda ayolning ismi-sharifi, pasport ma’lumotlari, telefon raqami hamda faoliyat turi yozilgan bo‘ladi. Ularning xohish-istaklariga qarab 40 soatlik darslar tashkil etiladi. Bu darslarga o‘zim trenerlik qilaman. O‘qitish davomida biznes reja tuzish, marketing yo‘nalishi va ishni tashkil qilish, moliyaviy savodxonlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar beriladi.
Hozircha chorva bilan savdodan tashqari deyarli barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ularni o‘qitdik. Issiqxona qurish, quyonchilik, sartaroshxona ochish bo‘yicha kerakli tavsiyalarni berganimizdan so‘ng, ularga sertifikat beriladi. Ushbu sertifikat orqali xalq bankidan 3 yil muddatga 30 million so‘m miqdorida 14 foizli imtiyozli kredit beriladi. Ayollar istagan paytlarida Xalq bankidan imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi mumkin.
– Sertifikatni berishda tanish-bilishchilik yoki byurokratiyaga yo‘l qo‘yish xolatlari kuzatiladimi?

– Bu sertifikatni aslo soxtalashtirishning imkoni yo‘q. Chunki ayollar daftariga kiritilgan xotin-qizlarni o‘qitishni boshlagan kunimizdan har kungi dars jarayoni markazga yuborilib turiladi. Biz o‘qitayotgan xotin-qizlarning har birini telefon raqamlari, yashash manzili ularga taqdim etiladi. Shu asosda markazdagilar ayollar bilan bog‘lanib ,“Sizni kim o‘qitdi?”, “Nimalarni o‘rgandingiz?” degan savollar bilan tekshirib turishadi.
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, Respublika Xalq banki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan imzolangan memorandumga asosan belgilangan tartibda sertifikat yuboriladi. Mazkur sertifikatga viloyat tadbirkorlik markazi tomonidan imzo va muhr qo‘yilib, xotin-qizlarga beriladi.
– Shu paytgacha qancha shogirdlar chiqardingiz?
– Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on tumani, Narpay, Paxtachi tumanlaridan jami mingdan ortiq “Ayollar daftariga” kiritilgan xotin-qizlarni o‘qitdim.
– Natijalar qanday?
– Tumanimizda yashovchi bir paytlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan Nargiza Soliyeva tikuvchilik sexi hamda oshxona ochib, o‘zi kabi ishsiz xotin-qizlarni ish bilan ta’minladi. Mahfuza Qayumova issiqxona tashkil etib, 30 dan ziyod xotin-qizlarni band qildi. Yoki bir nechta xotin-qizlar o‘qishni tugatgach, kredit olib, o‘zi yashaydigan xonadonda 25 nafar bolaga mo‘ljallangan oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etib, har biri 3 tadan ish o‘rni yaratdi. Bular tarbiyachi, oshpaz hamda enagalik lavozimlari.
Hozir tadbirkorga aylangan ayollarning aksariyati maktabni bitirgach, biror kasb-hunar etagini tutmagan, hech qayerda o‘qimagan ayollar. Ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlagani, oilasiga va jamiyatga kerakligini his qilayotganini ko‘rishning o‘zi biz uchun katta mukofot.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova
suhbatlashdi