Soxta millionlar savdosi barbod bo‘ldi
Mamlakatimizda moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi murosasiz kurashish va fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, qalbaki pullarni muomalaga kiritishga urinishlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Buxoro viloyatida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir ham ana shunday jinoyatlarning o‘z vaqtida fosh etilganini yana bir bor namoyon qildi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qalbaki milliy valyutani muomalaga kiritishga uringan shaxs ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tergovga qadar o‘tkazilgan dastlabki surishtiruvlarda aniqlanishicha, gumonlanuvchi 15 million so‘m evaziga 150 dona 200 ming so‘mlik, umumiy qiymati 30 million so‘m bo‘lgan qalbaki kupyuralarni sotishga uringan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.
Tezkor tadbir davomida uning yoni ko‘zdan kechirilganda yana 45 dona 200 ming so‘mlik hamda 13 dona 100 ming so‘mlik soxta banknotlar aniqlanib, belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Mutaxassislar qalbaki pullarni tayyorlash va tarqatish og‘ir iqtisodiy jinoyatlar qatoriga kirishini, bunday harakatlar mamlakat moliya tizimiga jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlamoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri