Soxta hujjatning nafi tegmadi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan aniqlangan navbatdagi holatda mazkur imtiyozni suisteʼmol qilishga boʻlgan urinishning oldi olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi “Yuk va yoʻlovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan 2022-yil 1-yanvarga qadar ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshmagan, yuk tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositalari qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari bojxona toʻlovlaridan ozod qilingan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan aniqlangan navbatdagi holatda mazkur imtiyozni suisteʼmol qilishga boʻlgan urinishning oldi olindi. Xususan, “Toʻrtkoʻl” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida tumandagi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan 3 ta “Howo” rusumli yuk avtotransport vositasi ekspert-kriminalistika tekshiruvidan oʻtkazilganida ushbu yuk avtomashinalari hujjatlarida koʻrsatilganidek, 2019-yilda emas, balki 2014-2015-yillarda ishlab chiqarilgani maʼlum boʻldi.
Ularning ishlab chiqarilganiga 4 yildan ortiq muddat oʻtganligi sababli nisbatan imtiyoz qoʻllanilmasligini bilgan “uddaburonlar» avtotransport vositalari ishlab chiqarilgan yilni soxta hujjatlar orqali “yashirish”ga urinish holati sergak bojxonachilar tomonidan fosh etildi. Shu tariqa oʻrtacha bozor narxi 1 milliard 345 million soʻmni tashkil qiluvchi mazkur avtotransport vositalarini bojxona toʻlovlarisiz olib kirishga boʻlgan urinishga chek qoʻyildi hamda ularga nisbatan salkam 650 million soʻmlik bojxona toʻlovi hisoblandi.
Holat yuzasidan fuqarolar N.U. va A.U. ga nisbatan protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi. Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakati olib borilmoqda.