So‘xda “Xotira va G‘alaba” bog‘i bunyod etiladi
Soybozor mavzesi So‘x tumanining chiroyli va xushmanzara hududlaridan hisoblanadi.
Bu yerdagi purviqor tog‘lar etagida bunyod etilgan yozgi amfiteatr bir paytlar aholi uchun sevimli maskanga aylangan edi. Hozirda tashlandiq holatga kelib qolgan amfiteatr o‘rnida “Xotira va G‘alaba” bog‘ini bunyod etish ishlari boshlandi.

– Bundan maqsad aholiga madaniy dam olishi uchun sharoit yaratish, tarixiy sana va bayram tadbirlarini aynan mana shu maskanda o‘tkazish hamda So‘xning mard va jasur o‘g‘lonlari, vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shgan yurtdoshlarimiz xotirasini abadiylashtirishdan iborat, – deydi tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev. – Bu yerda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari – Sovet Ittifoqi qahramoni Amirali Saidbekov va Leningrad shahri qahramoni Teshaboy Odilov xotiralariga bag‘ishlab maxsus go‘sha tashkil etish niyatimiz bor. Hashar tashkil etilib, hududni obodonlashtirish ishlariga kirishildi. Yaqin kunlarda bu yer yanada obod bo‘lib, So‘xning eng gavjum maskaniga aylanadi.
M. Sulaymonov, O‘zA