So‘nggi yillarda O‘zbekiston JST sari dadil odimlamoqda
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi tarixi mamlakat mustaqillik davridagi uzoq iqtisodiy jarayondir. Rasmiy Toshkent 1994-yil, JSTga kirish uchun murojaat qilgan payt davlat hali rejali tizimdan bozor iqtisodiyotiga o‘tish bosqichida edi. Ichki ishlab chiqarishni saqlab qolish, import oqimini nazorat qilish va milliy bozorni tashqi raqobatdan himoyalash ustuvor vazifa sifatida ko‘rilgani sabab, xalqaro savdo qoidalariga to‘liq moslashish oson kechmadi.
O‘tgan asr 90-yillari oxiriga kelib mamlakat iqtisodiy siyosatda ehtiyotkor yo‘lni tanladi. Valyuta cheklovi, yuqori boj to‘lovi va davlatning kuchli ishtiroki saqlanib qolishi tashqi iqtisodiy integratsiya sur’atini pasaytirdi. Ayniqsa, 1998-yilgi Osiyo moliyaviy inqirozidan keyin milliy iqtisodiyotni tashqi xavfdan muhofaza qilish masalasi birinchi o‘ringa chiqdi. Shu omillar tufayli JST bilan muloqot rasmiy darajada saqlangan bo‘lsa-da, amaliy siljish deyarli kuzatilmadi.
2003-yil ayirboshlash tizimi qisman erkinlasha boshladi. Tashqi savdo birmuncha jonlansa-da, 2005-yildan keyin muzokara yana sekinlashdi. Keyingi o‘n besh yil davomida respublikamizning JSTga kirishi xalqaro iqtisodiy kun tartibida faol muhokama qilinmadi. Ekspertlar bu holatni davlat iqtisodiyotidagi yuqori markazlashuv, import o‘rnini bosish siyosati va tashqi bozorlarga nisbatan ehtiyotkor yondashuv bilan izohlaydi.
Vaziyat 2017-yildan so‘ng tubdan o‘zgardi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan islohotlar tashqi iqtisodiy ochiqlikni kuchaytirdi. Valyuta konvertatsiyasi erkinlashdi, xorijiy investorlar uchun yangicha sharoit yaratildi, xususiy sektor imkoniyati kengaytirildi. Shu tariqa JSTga qo‘shilish mamlakat modernizatsiyasining muhim yo‘nalishi sifatida qayta kun tartibiga chiqdi.
2020-yildan keyin jarayon eng faol bosqichga kirdi. O‘zbekiston AQSH, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Xitoy, Rossiya kabi yirik iqtisodiyotlar bilan ikki tomonlama kelishuvlar ustida ish olib bordi. Milliy qonunchilikni xalqaro savdo standartiga moslashtirish uchun yuzlab hujjat qayta ko‘rib chiqildi. Ayni o‘zgarishlar tashqi bozorga chiqish imkoniyatini kengaytirib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni global raqobat muhitiga tayyorlash vazifasini ham dolzarblashtirdi.

Hozir Toshkent JSTning 2026-yilda o‘tadigan vazirlar konferensiyasiga qadar a’zolikni rasmiylashtirish maqsadini ko‘zlagan. Kuzatuvchilar fikricha, so‘nggi yillardagi yuqori siyosiy iroda va tezlashgan muzokaralar jarayon yakunlanishi ehtimolini avvalgi davrlarga nisbatan ancha oshirgan. Shu bilan birga tashkilotga qo‘shilish nafaqat tashqi savdo imkoniyati, balki ichki iqtisodiy raqobat, sanoat samaradorligi va investitsiya muhiti uchun ham yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.
JST a’zoligi O‘zbekistonga nima beradi?
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi nafaqat tashqi iqtisodiy maqom, balki mamlakat iqtisodiy modeli uchun ham yangi bosqich sifatida baholanmoqda. Mutaxassislar fikricha, a’zolik eksport geografiyasini kengaytirish, sarmoya oqimini kuchaytirish va mahalliy bozorda raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Binobarin, jarayon ayrim sohalar uchun jiddiy sinov davrini ham yuzaga chiqaradi.
Asosiy o‘zgarish tashqi savdoda kuzatilishi kutilyapti. JST qoidasi mamlakatlarga teng sharoitda mahsulot sotish imkonini beradi. Bu esa o‘zbek to‘qimachiligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat sanoati va ayrim sanoat tarmoqlari uchun yangi bozor eshiklarini ochadi. Ayniqsa Yevropa va Osiyo mamlakatlariga eksportda tarif to‘sig‘i kamayishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligi oshishi ehtimoliyuqori.
A’zolik xorijiy sarmoyadorlar uchun ham muhim chaqiruv, chunki qonun ustuvorligi, bozor shaffofligi va savdo qoidasi barqarorligini talab qiladigan JST tizimi xalqaro kompaniyalar uchun xavfni kamaytiradi. Ekspertlar fikricha, yirik ishlab chiqarish zanjiriga ulanish logistika va qayta ishlash sohalarida yangi loyihalar paydo qilishi mumkin.
Ichki bozorda raqobat keskin kuchayadi. Import mahsulotlari uchun sharoit yengillashishi mahalliy korxonalarni sifat va samaradorlikni oshirishga undaydi. Zamonaviy texnologiya va menejmentga tez moslasha olmagan ayrim tarmoqlar bosimni kuchli his qilishi mumkin. Ayniqsa yuqori himoya ostida ishlab kelgan korxonalar uchun yangi muhit oson kechmaydi.
Iste’molchi nuqtai nazaridan esa tanlov imkoniyati kengayishi kutilyapti. Bozorga yangi brendlar kirib kelishi, mahsulot sifati oshishi va ayrim tovarlar narxida barqarorlashuv kuzatilishi mumkin. Faqat iqtisodchilar qisqa muddatda moslashish zarurati sabab, ayrim sohalarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar qiyinchilikka duch kelishi ehtimolini ham istisno qilmayapti.

Ayni payt hukumat zimmasidagi eng muhim vazifalardan biri – mahalliy biznesni yangi muhitga tayyorlash. Buning uchun sanoat modernizatsiyasi, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash, logistika tizimini yaxshilash va xususiy sektor imkoniyatini kengaytirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Aks holda tashqi raqobat ayrim yo‘nalishlarda muammoni kuchaytirishi mumkin.
Umuman, JSTga a’zolik shunchaki xalqaro tashkilotga qo‘shilish emas, balki O‘zbekiston iqtisodiyoti yangi qoida asosida yashay boshlashni anglatadi. Natija esa islohot sur’ati, ichki tayyorgarlik va raqobatga moslasha olish darajasida namoyon bo‘ladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA