Somoniylar davriga oid me’moriy bezaklar topildi
Buxoro shahridagi Shahriston arxeologik yodgorligida olib borilayotgan tadqiqotlar davomida Somoniylar davriga oid muhim arxeologik topilma aniqlandi.
Xususan, O‘zbekiston – AQSH xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlarda ushbu topilmalar masjidining me’moriy bezaklariga mansub bo‘lgan, kufiy yozuvlar tushirilgan ganch panel qoldiqlari ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, mazkur ekspeditsiya ishida O‘zbekiston va AQSH mutaxassislari bilan bir qatorda Rossiya hamda Eron arxeologlari, rassomlar, chizmachilar hamda «Buxoro» davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari ishtirok etmoqda.

Ekspeditsiya rahbari Jamoliddin Mirzahmedovning ta’kidlashicha, aniqlangan ganch panel qoldiqlari to‘liq va yaxshi saqlangan holda yetib kelmagan. Shu bois topilmani saqlab qolish maqsadida mutaxassislar tomonidan restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilmoqda.
Mutaxassislarga ko‘ra, mazkur topilma Buxoroning Somoniylar davri me’morchiligi, xususan, ganch o‘ymakorligi va epigrafik bezak an’analarini o‘rganishda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ayni paytda Shahriston arxeologik yodgorligida qazishma ishlari bilan bir qatorda aniqlangan me’moriy ganch bezaklarini mustahkamlash, konservatsiya qilish va ilmiy o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA