Somon qoldig‘ini yoqqan fuqaro jarimaga tortildi
Vobkentda g‘alladan bo‘shagan yer maydonida somon qoldiqlarini yoqqan fuqaro jarimaga tortildi.
Buxoro viloyati Ekologiya atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Vobkent tumani inspeksiyasi inspektorlari tomonidan tuman hududlarida nazorat reyd tadbirlari olib borildi.
O‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida tumanning “Shakarkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan g‘alladan bo‘shagan 20 sotixli yer maydonida somon qoldiqlari yoqib yuborilganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan fuqaro A.B ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 88-moddasi 3-qismiga asosan 1 020 000 so‘m jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar 1 282 000 so‘m hisoblandi.
Ma’lumot uchun, somon qoldiqlari yonishi natijasida atmosfera havosiga inson sog‘ligi uchun o‘ta zararli bo‘lgan zaharli moddalar chiqadi. Yong‘in natijasida yuqori harorat tufayli tuproq tarkibidagi makro, mikro elementlarning yo‘q bo‘lib ketishi oqibatida ekin yerlarining ball boniteti keskin pasayib, tuproq unumdorligiga ham zarar yetadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.