Soliqchilar tadbirkorning yaqin ko‘makchisi
Mamlakatimizda davlat soliq organlari tomonidan “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar huzuriga borgan holda ularning muammolarini o‘rganib, ijobiy hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2023 yilning yanvar oyida Navoiy viloyati Qiziltepa tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan 53 ta korxonaning muammolari o‘rganildi va 51 tasi ijobiy hal etildi. bugungi kunda boshqa tashkilotlar bilan bog‘liq masalalar qat’iy nazoratga olinib, hamkorlikda hal etish choralari ko‘rilmoqda.
– O‘rganishlar davomida soliq turlari bo‘yicha 69 ta sub’ektning 354,4 million so‘m mavjud ortiqcha to‘lov summasi qaytarib berildi, – deydi Qiziltepa tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari Davlat Murodov. – bugungi kunda elektron xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamining yanada kengaytirilayotgani soliq to‘lovchilarga qulayliklar yaratishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayni paytga qadar tumanda “e-ijara” avtomatlashtirilgan axborot dasturi orqali 79 ta shartnomalar ro‘yxatga olingan. Shuningdek, joriy etilgan qator soliq imtiyozlari, soliq yuki va turlarining kamaytirilganligi to‘g‘risida tadbirkorlar o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida joriy yilning 1 fevral sanasiga qadar 301 ta norasmiy ish o‘rinlari qonuniylashtirildi. Muhimi, fuqarolar muqim ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.
Hozirgi kunda davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan turli sabablar bilan faoliyati vaqtincha to‘xtab qolgan tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini tiklash borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Birgina joriy yilning yanvar oyida ana shunday 5 ta korxonaning faoliyati tiklandi. Natijada, 11 ta yangi ish o‘rni yaratilib, davlat byudjetiga 8,4 million so‘m soliqlar tushishiga erishildi.
bugungi kunda qo‘lida hunari bor yoki uyda yakka tartibda ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarning o‘zini o‘zi band qilishi, ish stajiga ega bo‘lishi uchun soliq xizmati organlari tomonidan doimiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning yanvar oyi yakuni bilan 278 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilish tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tib, muayyan faoliyat turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Eng muhimi, ularning 117 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA