“Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili – amalda
Soliq mamlakatimiz iqtisodining asosiy qon tomirlaridan bo‘lib, byudjet mablag‘lari, jumladan pensiya, nafaqa, byudjet tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlari soliq tushumidan shakllantiriladi.
Shu bois Jizzax viloyatida ham ishni “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yganmiz. Soliq to‘lovchilar duch kelayotgan turli muammolarni bartaraf etishda soha vakillari yaqindan ko‘mak bermoqda.
Jizzax viloyatida bugungi kunga kelib 22 ming nafarga yaqin yuridik shaxs faoliyat yuritayotgan bo‘lib, yil boshidan buyon “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida viloyatdagi 13 ming 97 ta korxonaning 7 ming 109 ta muammosi o‘rganildi va ularning 7 ming yuztasi bevosita soliq xodimlari ko‘magida hal qilindi.
Belgilangan tartib-qoidalarni buzuvchilar, afsuski har bir sohada topiladi. Ular bilan olib borayotgan tushuntirish ishlarimizdan keyin, asosiy qismi o‘z xato va kamchiliklarini anglab, ishlarini amaldagi tartib-qoidalar asosida tashkil etadi. Tadbirkorlik sub’ektlari bilan olib borilgan xuddi shunday tushuntirish ishlari natijasida joriy yil o‘tgan 5 oyi davomida 1 ming 466 ta korxonadagi 5 ming 76 nafar norasmiy ishlovchi fuqaro faoliyat yuritayotgani aniqlandi va qonuniylashtirilib, ular rasman ishlovchilar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib hujjatlashtirildi.
2020 yilda Soliq kodeksi yangidan qabul qilindi. Ushbu kodeksga ko‘ra, soliq turlari kamaytirilib, mulk solig‘i 5 foizdan 1,5 foizga tushirilgan bo‘lsa, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) esa 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi. Natijada, soliq tushumlari viloyatda 1,5 baravar ko‘paygan bo‘lsa, QQS to‘lovchilar soni 3 ming 700 nafardan 6 ming 200 nafarga yetdi. Qo‘shilgan qiymat solig‘idan qaytarilgan mavjud ortiqcha to‘lov miqdori 2022 yilning birinchi choragida 50 ta korxonada 73 milliard 693 million so‘mga yetkazilgani bu borada o‘sishga erishilganidan dalolat beradi.
Ayni vaqtga qadar, viloyatdagi soliq to‘lovchilar tomonidan 369 milliard 911 million so‘m miqdorida soliq to‘lanib, belgilangan prognoz rejasi 21 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarildi. Byudjetga yo‘naltirilgan mablag‘larning 312 milliard so‘mi, ya’ni 84 foizi yuridik shaxslar, 57 milliard 900 million so‘mi yoki 16 foizi esa jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keldi.
“Soliq hamkor” dasturi orqali viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan bog‘liq soliq huquqbuzarliklari to‘g‘risida jami 812 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarga asosan 534 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazildi. bugungi kunga qadar murojaatlari o‘z tasdig‘ini topgan 186 nafar fuqaroning bank plastik kartalariga 93 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.
Joriy yilning o‘tgan 3 oyi davomida 117 ta korxonaga yer, 36 ta korxonaga mol-mulk, 46 ta korxonaga ijtimoiy, 65 ta korxonaga aylanmadan olinadigan, 488 ta korxonaga qo‘shilgan qiymat, 6 ta korxonaga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va 6 ta korxonaga foyda solig‘idan imtiyozlar qo‘llanildi.
Viloyat soliq boshqarmasi va quyi tizim vakillari bundan buyon ham ishimizni “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida olib boraveramiz.
Bekzod Toshpo‘latov,
Jizzax viloyat DSB boshlig‘i.
O‘zA