Soliq to‘lovchilarga yangi dasturlardan foydalanish tushuntirildi
Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasida tadbirkorlar va hisobchilar uchun “Soliq-servis” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari o‘quv seminar tashkil etdi.
Tadbirda soliq to‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, tadbirkorlik sub’ektlariga soliq hisobini yuritishda amaliy ko‘mak berish, shuningdek, elektron hujjatlar va hisobvaraq-fakturalardagi tafovutlarni aniqlab, tahlil qilish imkoniyatlarini keng joriy etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. New.soliqservis.uz axborot tizimiga joylashtirilgan yangi dasturlardan foydalanish tartiblari, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishning ish unumdorligini oshirishdagi ahamiyati xususida fikr almashildi.

Seminar ishtirokchilariga kassa cheklari va kirim-chiqim hisobvaraq-fakturalari o‘rtasidagi nomuvofiqliklarni tahlil qilish, rasmiylashtirilgan elektron hujjatlar bo‘yicha yig‘ma jadval shakllantirish, tovar hisoboti (tovar harakati tahlili), rasmiylashtirilmagan hisobvaraq-fakturalarni aniqlash xizmatlaridan foydalanish tartiblari bosqichma-bosqich tushuntirib berildi.

O‘quv-seminar yakunida ishtirokchilarning mazkur xizmatlar bilan bog‘liq fikr-mulohazalari, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish masalalari bo‘yicha taklif va tavsiyalari tinglandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri