Soliq to‘lovchilarga qanday imtiyozlar berildi?
Soliq tizimidagi yangiliklar, o‘zgarishlar hech kimni – tadbirkorlarni ham, jismoniy shaxs sifatida soliq to‘lovchilarni ham befarq qoldirmaydi. Chunki soliq tizimida islohotlarni amalga oshirmay turib ertangi kunimizni, farovon jamiyat qurishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois keyingi olti yilda soliq tizimini isloh qilishga qaratilgan bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi va bu islohotlar davom etmoqda.
2022 yildan soliq siyosatiga kiritilayotgan yangiliklar, xususan O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 29 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» gi qonuni, shuningdek, Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori qabul qilindi. Soliq kodeksining amaldagi 75 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shuningdek, Prezident qarori bilan soliq to‘lovchilarga bir qator huquq va yengilliklar taqdim etildi.
Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan ushbu yangiliklarni soliq to‘lovchilarga yetkazish maqsadida ko‘rgazmali amaliy seminar tashkil etildi. Unda qonunchilikdagi yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, tadbirkorlarga ular umumiy maydoni ming kvadrat metrdan (10 sotixdan) ortiq bo‘lgan yer uchastkalariga va (yoki) bino (inshoot)larga mulk huquqini qo‘lga kiritganda mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha to‘lovlarni olti oyga kechiktirish huquqi berilmoqda.
[gallery-5486]
– Sug‘oriladigan yer maydoni 25 gektardan ko‘p bo‘lgan qishloq xo‘jaligi korxonalari qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashga o‘tkazilishi belgilanmoqda. Amalda 50 gektardan ko‘p yer maydoniga ega korxonalar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashga o‘tar edi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Alisher Qodirov. – bugungi kunda, viloyatda sug‘oriladigan yer maydoni 25 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan va qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashga o‘tmagan 274 ta korxonalarni ushbu tizimga o‘tkazish orqali, ularda hisobga olingan (texnika xizmati, urug‘, yoqilg‘i, mineral o‘g‘it va boshqa tovarlar sotib olinganda) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini byudjetdan qoplab berish imkoniyati yaratiladi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalarida o‘qish uchun tijorat banklaridan olingan ta’lim kreditlarini (foizlari bilan) qoplashga yo‘naltirilgan mablag‘lar, yosh oila tomonidan olingan ipoteka kreditlarini va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni 15 million so‘mgacha miqdorda qoplashga jalb qilingan summalar daromad solig‘idan ozod qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, soliq imtiyozlari hisobiga 80 million so‘m mablag‘lar fuqarolar ixtiyorida qoldiriladi.
– Bugun o‘tkazilgan seminar davomida barcha ma’lumotlarga ega bo‘ldik. O‘ylaymanki, bu yangiliklar faoliyatimizda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi, –deydi bosh hisobchi G‘ayrat Haqberdiyev. – Bu kabi tadbirlarning doimiy o‘tkazilishi faoliyatimizni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Seminarda soliq to‘lovchilarni qiziqtirgan savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA.