Soliq to‘lovchilarga 10,5 trillion so‘mdan ortiq QQS qaytarildi
Mamlakatimizda qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarish tizimi orqali tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom etdi.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida soliq to‘lovchilarning 6 462 ta arizasi ko‘rib chiqilib, ularning 5 569 tasi bo‘yicha 10,5 trillion so‘mdan ortiq QQS mablag‘lari qaytarilgan.
Ushbu ko‘rsatkich davlat tomonidan halol faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining aylanma mablag‘larini qo‘llab-quvvatlash va ishlab chiqarish faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan mexanizmlar samarali ishlayotganini ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, qaytarilgan QQS mablag‘larining asosiy qismi ishlab chiqarish sohasi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur yo‘nalishdagi korxonalarga 7,5 trillion so‘m QQS qaytarilgan bo‘lib, bu barcha qaytarilgan mablag‘larning katta qismini tashkil etadi. Bu esa mamlakatda sanoat ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlash va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
QQS eng ko‘p qaytarilgan sohalar uchligiga xizmat ko‘rsatish tarmog‘i ham kirdi. Ushbu soha vakillariga 1,1 trillion so‘m mablag‘ qaytarilgan. Shuningdek, transport xizmati sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarga 613 milliard so‘m QQS qaytarildi.
QQSni o‘z vaqtida qaytarish tadbirkorlarning aylanma mablag‘larini ko‘paytirish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish uchun muhim omil hisoblanadi. Bu esa iqtisodiyotda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, raqobatbardoshlikni oshirish hamda iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA