Soliq qonunchiligida o‘zgarishlar
Andijonda Prezidentimizning 2015-yil 22-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijonda Prezidentimizning 2015-yil 22-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi mutaxassislari, korxona, tashkilot, muassasalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan seminarda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarda soliq bo‘yicha berilayotgan imtiyozlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojida muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Mamlakatimiz soliq-byudjet siyosatidagi o‘zgarishlar, xususan, xo‘jalik subyektlari va aholi daromadlariga nisbatan soliq yukini kamaytirish, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish, soliq qonunchiligini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining yuqorida zikr etilgan qarori asosida yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, aholining real daromadlarini oshirish maqsadida qator soliq va majburiy to‘lovlar stavkalari pasaytirildi, imtiyozlar muddati uzaytirildi.
– Qarorda xo‘jalik va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, qulay tadbirkorlik muhiti yaratish orqali iqtisodiyotni yanada yuksaltirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan, – deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Tohirjon Qutiboyev. – Jumladan, 2016-yilda mobil aloqa xizmati ko‘rsatuvchi huquqiy shaxslar foyda solig‘ini rentabellik darajasidan kelib chiqib to‘lashi belgilangan. Nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar uchun foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i hamda mikrofirmalar, kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi va Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etish bo‘yicha berilgan imtiyozning muddati 2018-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan mavzu doirasida ma’ruzalar o‘qildi, soliq va majburiy to‘lovlar bo‘yicha berilgan imtiyozlarning, soliq va moliyaviy hisobotlarni elektron ko‘rinishda taqdim etishning afzalliklari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilib, ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berildi. Soliq idoralarining interaktiv xizmatlar bo‘yicha ko‘rgazmalari namoyish etildi.
– Seminar biz uchun g‘oyat foydali bo‘ldi, – deydi Andijon shahridagi “UPM-textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shoiraxon Isroilova. – Joriy yilda ayrim yo‘nalishlarda soliq yukining kamaytirilgani korxonamiz iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytiradi, ayniqsa, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 1 foizga kamaytirilgani ishchi-xizmatchilarimizning moddiy manfaatdorligini oshirish imkonini beradi.
Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi. Namunali soliq to‘layotgan bir qator xo‘jalik subyektlari rahbarlari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.