Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalari bo‘yicha Markaziy bank e’tirozlariga rasmiy javob berdi
Soliq qo‘mitasi bank siri hamda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi P2P o‘tkazmalarini monitoring qilishga oid masalalar yuzasidan Markaziy bankning pozitsiyasiga rasmiy munosabat bildirdi.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, banklar bilan har qanday axborot almashinuvi faqat amaldagi qonunchilik doirasida, bank sirini saqlash, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish hamda fuqarolarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini ta’minlash tamoyillari asosida amalga oshirilishi lozim.
Eslatilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga muvofiq, bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar sirining daxlsizligi qonun bilan kafolatlangan. Shuningdek, mazkur sohadagi munosabatlar «Bank siri to‘g‘risida»gi qonun hamda Soliq kodeksi normalari bilan tartibga solinadi.
«Bank siri to‘g‘risida»gi qonunda bank mijozlarining soliqqa oid ma’lumotlari qonunchilikda belgilangan tartibda soliq organlariga taqdim etilishi mumkinligi nazarda tutilgan. Soliq kodeksida esa banklarning soliq organlariga axborotni faqat qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar va tartibda taqdim etish majburiyati aniq belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, Soliq qo‘mitasi jismoniy shaxslar o‘rtasidagi P2P o‘tkazmalari o‘z-o‘zidan soliq solish ob’ekti hisoblanmasligini yana bir bor ta’kidladi. Bu esa fuqarolarning shaxsiy mablag‘ o‘tkazmalari ustidan ommaviy nazorat o‘rnatilishini anglatmaydi.
Qayd etilishicha, muhokama qilinayotgan loyihaning asosiy maqsadi banklar va soliq organlari o‘rtasida axborot almashinuvining xavfsiz, aniq va xalqaro amaliyotga mos mexanizmlarini shakllantirishdan iborat.
Ma’lum qilinishicha, mazkur loyihaning jamoatchilik muhokamasi yakunlangan. Muhokama jarayonida kelib tushgan barcha taklif va mulohazalar, jumladan Markaziy bankning rasmiy pozitsiyasi ham atroflicha o‘rganiladi. Shundan so‘ng tegishli xulosalar chiqarilib, keyingi qarorlar qabul qilinadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA