Soliq oliy maktabiga qabul boshlandi
Mamlakatimizda soliq tizimini yanada takomillashtirish, sohada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
Mavjud qonunchilikka muvofiq, Soliq oliy maktabi Soliq qo‘mitasi huzuridagi alohida yuridik shaxs maqomiga ega davlat oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritadi.
Mazkur ta’lim muassasasi soliq organlari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, soliq sohasida fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib boruvchi respublika miqyosidagi bazaviy ilmiy-metodik markaz vazifasini bajaradi.
Soliq oliy maktabiga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillikka oid tartib-taomillar tatbiq etiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab oliy maktabning kamida uch yillik bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalar qabul qilinadi. 2027/2028 o‘quv yilidan esa magistratura hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari joriy etiladi.
Oliy maktabda soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq ma’murchiligi, soliq huquqi va moliyaviy nazorat kabi yo‘nalishlarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom bilan bir qatorda soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatlarini olish uchun maxsus o‘quv kurslarini tamomlagani haqida hujjat ham beriladi.
Shuningdek, ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA va ACA kabi xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan talabalarning ushbu sertifikatlarni olish bilan bog‘liq o‘qish xarajatlari Soliq oliy maktabi tomonidan qoplab beriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab har yili davlat oliy ta’lim muassasalari uchun ajratiladigan davlat buyurtmasi parametrlariga qo‘shimcha ravishda Soliq oliy maktabi uchun davlat granti asosida 50 ta o‘rin ajratiladi. Bunda grant o‘rinlari umumiy qabul kvotasining 50 foizidan oshmasligi belgilangan.
Qabul jarayoni joriy yilning 25-iyun sanasiga qadar davom etadi. Abituriyentlar hujjatlarini my.uzbmb.uz platformasi orqali topshirishlari mumkin.
Mazkur qaror soliq sohasi uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, xalqaro talablarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA