"Soliq Mobile" keshbeki bilan bog‘liq yana bir yirik firibgarlik fosh etildi
O‘zbekistonda soxta cheklar va elektron hisob-fakturalar yordamida milliardlab so‘mlik byudjet mablag‘larini talon-toroj qilmoqchi bo‘lgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Ular telegram guruhlari orqali 200 mingdan ortiq fuqaroga hech qanday xarid amalga oshirilmagan soxta cheklarni pullab kelishgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolar M.X., M.X. va K.I. o‘zaro til biriktirib, telegram ijtimoiy tarmog‘ida maxsus guruhlar tashkil qilishgan. Ushbu guruhlar orqali 7 ta mas’uliyati cheklangan jamiyatga (MCHJ) tegishli xarid cheklarini sotish bilan shug‘ullanishgan. Firibgarlar tomonidan oddiy jismoniy shaxslar uchun 1 foizli, Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar uchun esa 12 foizli keshbek summalari onlayn tarzda pullangan.
Amalda mazkur 7 ta korxona o‘rtasida hech qanday real moliyaviy aloqa yoki savdo-sotiq bo‘lmagan. Shunga qaramay, guruh a’zolari go‘yoki 3,3 trillion so‘mlik mahsulotlar va xizmatlar sotilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirishgan. So‘ngra pullar onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingani ko‘rsatilib, soxta xarid cheklari chiqarilgan.
Ushbu jinoiy sxema oqibatida jami 211 ming 584 nafar fuqaroga "Soliq Mobile" ilovasi orqali keshbek sifatida 28,5 milliard so‘m mablag‘ hisoblangan. Tergov hujjatlariga ko‘ra, ushbu summaning 3,2 milliard so‘mi fuqarolarga amalda to‘lab berilgan va shu yo‘l bilan davlat byudjeti mablag‘lari o‘zlashtirish hamda rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtir sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA