Soliq inspektorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Davlat xavfsizlik xizmati Call-markaziga kelib tushgan murojaat asosida Xizmatning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, Yunusobod tumani Soliq inspeksiyasining 2 nafar inspektori o‘zaro til biriktirgan holda, xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorga “Chilonzor buyum bozori kompleksi” AJdan 3 ta savdo дўконини ijaraga olishda yordam berishni va’da qilishgan.
Ular o‘zlarining tanishlari orqali tadbirkorga tegishli MCHJni ochiq savdo tenderida g‘olib bo‘lishini ta’minlash va do‘konlarni ijaraga olish bo‘yicha shartnomalarni rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming AQSH dollari talab qilishgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida soliqchilar so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.