Soliq boshqarmasida “Ochiq eshiklar kuni”
Noyabr oyi soliq organlarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” deya e’lon qilingandi. Ana shu sabab Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Unda "Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida amalga oshirilgan ishlar, o‘tkazilgan targ‘ibot va tashviqot tadbirlari, soliq tizimidagi o‘zgarishlar, "Soliqchi–tadbirkorga ko‘makchi" tamoyili asosida erishilayotgan natijalarga ahamiyat qaratildi.

"Ochiq eshiklar" kuni doirasida tashkil etilgan uchrashuvda soliq tizimi xodimlari, tadbirkorlar, hisobchilar, Guliston davlat universitetida iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi bosqich talabalari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Dastlab Sirdaryo viloyat soliq boshqarmasi, uning shahar va tuman bo‘limlarida soliq qonunchiligi doirasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilib, soha xodimlarining ish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirildi.

–Soliq tizimida ishlashni niyat qilib, Guliston davlat universitetining iqtisodiyot yo‘nalishiga o‘qishga kirganman. Ayni vaqtda 4 - bosqich talabasiman,–deydi Olmos Boboqulov.– Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida tashkil etilgan "Ochiq eshiklar kuni" tadbirida soliq tizimida ishlash, ishga kirish bilan bog‘liq ko‘pgina savollarimga javob topdim.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri