Solijon ota - yoshlarning maslahatgo‘yi
Samarqandda “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 16 nafar otaxon va onaxon bellashdi.


Ishtirokchilar chiqishlarida o‘z mahallalaridagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ibratli ishlari haqida ma’lumot berdi, faoliyati to‘g‘risida videorolik namoyish etildi.
Nurobod tumani vakili, faxriy pedagog Solijon Xudoyorovning yoshlar bilan olib borayotgan ishlari eng namunali, deb e’tirof etilib, tanlov g‘olib bo‘ldi va respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Narpaylik Bozor Hasanov hamda Samarqand tumani vakili Xosiyat Bobomurodova ikkinchi va uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.


- Yoshlarni tarbiyalash, oilaviy ajrimlarning oldini olishda milliy qadriyatlarimiz, muqaddas dinimizga tayanaman, - deydi ko‘rik-tanlov g‘olibi Solijon Xudoyorov. - Yoshlarning muammolarini hal etishda mahalla faollari, tadbirkorlar bilan bamaslahat ishlayapmiz. Yoshlarning nuroniylarga biriktirilishi, albatta, natijasini beradi. Keksa avlodning boy hayotiy tajribasi ularning hayotda o‘z yo‘lini topishiga yordam beradi.


G‘.Hasanov, O‘zA