Sohibqiron yod etildi
Samarqandda buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Amir Temur tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan tadbirlar buyuk jahongir maqbarasi ziyorati bilan boshlandi.
Viloyat va shahar hokimligi mas’ullari, faollar sohibqironni yod etdilar, Qur’on tilovat qilindi.
Davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra, bu yil Amir Temur tavalludining 690 yilligi yurtimizda keng nishonlanmoqda. Sohibqiron bobomiz va temuriylar davriga oid tarixiy obidalar, yodgorliklar restavratsiya qilinyapti, atrofi obod bo‘lmoqda. Jumladan, Amir Temur maqbarasida hududida ham ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ziyoratchilar uchun qulaylik va imkoniyatlar yaratilmoqda. Tadbir qatnashchilari olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Shundan so‘ng viloyat hokimi A.Boboyev boshchiligida Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yildi.
– Buyuk jahongir xalqimizning faxri, g‘ururimiz timsoli, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Xolbek Ko‘bayev. – Lekin bu ulug‘ ajdodimizga munosib bo‘lish bugungi avlodning burchi hisoblanadi. Shu jihatdan joriy yildan boshlab aprel oyi yurtimizda “Amir Temur oyligi” sifatida o‘tkazilayotgani e’tiborli, albatta. Oylik doirasida viloyatimizdagi ta’lim muassasalari, mahallalarda tarixchi olimlar, yozuvchi va san’atkorlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirokida uchrashuvlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
[gallery-28654]
Amir Temur tavallud kuniga bag‘ishlangan tadbirlar viloyatdagi ta’lim muassasalari, teatr va muzeylar, madaniyat maskanlarida davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari