Sohibqiron nasihatiga xos yangilanishlar
Amir Temur dahosi o‘tmish charxpalagini o‘zgartirib yuborgan buyuk siymo sifatida jahon olimlarini hamon tadqiqotlar olib borishga undamoqda.
Bu jihatlar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan hamkor tashkilotlar, jumladan, Turizm va sport vazirligi va boshqa tuzilmalar bilan birgalikda o‘tkazilayotgan "Amir Temur – dunyo olimlari va adiblari nigohida" mavzusidagi xalqaro anjumanda yana bir karra o‘z ifodasini topmoqda.
Sohibqiron haqida o‘z vaqtida Sharofiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Rui Gonsales de Klavixo, Jan Pol Ru, Jastin Marozzi, Mixail Ivanin, Ivan Bunin, Harold Lemb, Helda Hukhem kabi olimlar, yozuvchi va shoirlar, dramaturglar asarlar bitgan.

Olti yuz yil mobaynida Amir Temurga bag‘ishlab Yevropa tillarida 500 dan ziyod, Sharq tillarida esa 900 ga yaqin yirik tarixiy asarlar yozilgani ma’lum .
–- Istiqlol yillarida Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylanib, o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasida xalqimizga ma’naviy kuch bag‘ishlab kelmoqda, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov.– Bu buyuk zot haqidagi asl haqiqat qayta tiklanib, tarixiy adolat qaror topdi.
Bugun xalqimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” bosh g‘oyasiga tayanib, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida birlashgan ekan, Vatanimiz tarixidagi ikkinchi Uyg‘onish davri bunyodkori Amir Temur shaxsini va siyosatini har tomonlama o‘rganish yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Amir Temur tavalludining 685 yilligi munosabati bilan tashkil etilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tadbirlarining birinchi kunida Toshkent shahrida bo‘ylab sayohat va ziyorat uyushtirildi.

Bugun esa Shahrisabzga yo‘l oldik. U yerda xorijlik hamda mahalliy olim, tarixchi va ijodkorlarning ma’ruzalari tinglanadi.
– Otam Sohibqiron Amir Temurdek buyuk zotning tarixiga juda qiziqqanlar, dedi eronlik tadqiqotchi Amir Temur Akbar Rafoiy. – Shu qiziqish, ixlos sabab mening ismimni ham Amir Temur, deb qo‘yganlar. Sohibqiron shaxsiyati, uning jahon tarixidagi, ilm-ma’rifatidagi o‘rni beqiyosdir. Men texnika sohasiga qiziqsam-da, keyinchalik otamning Temurdek ulug‘ zotga bo‘lgan ehtiromiga befarq qaray olmadim.
Hozir Amir Temur hayoti, faoliyatiga oid manbalarni o‘rganmoqdaman. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bugun O‘zbekiston yangilanish, taraqqiyot sari yuz tutganiga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘lyapmiz. Bularning bari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sohibqiron Amir Temurga xos bo‘lgan azmu shijoati, qat’iyati, balandparvoz gaplarni emas, amaliy va natijador ishlarni ustuvor bilganida, elparvar siyosatida namoyon bo‘lmoqda.
Konferensiya o‘z ishini shu’balarga bo‘lingan holda davom ettirmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA