Sohada yangi davrni boshlab bergan qaror
Munosabat
Joriy yilning 26 mart kuni davlatimiz rahbari ikkita muhim hujjatga imzo qo‘ydi. Prezidentimizning Uchinchi Renessans ostonasida turgan Yangi O‘zbekiston poydevorini yaratish uchun nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlari yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning samaradorligini oshirishda yangi davrni boshlab berdi, deb baralla aytish mumkin.
Ushbu qarorda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Yurtimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etishda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan hayotbaxsh g‘oyaning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Shu bilan birga mazkur qarorda bu borada olib borilayotgan muhim ishlarga qaramasdan, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalardagi yangilanishlar jarayonida ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning samaradorligiga to‘siq bo‘layotgan bir qator tizimli muammolar saqlanib qolayotganligi qayd etib o‘tilgan.
Xususan, ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarni tashkil etishda yaxlit tizim mavjud emasligi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni ma’naviy tahdidlardan himoya qilish borasida yetarli darajada tashkiliy-amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmayotgani, ushbu yo‘nalishda davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektorning ijtimoiy hamkorligi samarali yo‘lga qo‘yilmaganligiga alohida urg‘u beriladi.
Darhaqiqat, bugungi kunda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, millati, tili va kasbidan qat’i nazar, barcha yoshlarda Vatanga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish, ularni o‘z fuqarolik burchi va konstitutsiyaviy majburiyatlarini bajarishga, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga qodir shaxslar etib tarbiyalashni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Shu ma’noda, Prezidentimizning “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sohada mavjud muammolarni hal etish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samarasi va ta’sirchanligini oshirish, ko‘lami va miqyosini yanada kengaytirish, mamlakat aholisi, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, sohadagi ishlarni muvofiqlashtirishning yagona tizimini yaratish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning bir qator ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, har ikkala qarorda mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini tubdan yaxshilashga xizmat qiladigan ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tilgan. Bu ulug‘vor g‘oyalarni hayotga tatbiq etish borasidagi tashkiliy ishlar hamda tegishli moliyaviy manbalar asosi yaratilgan. Ushbu qarorlar hayotga to‘liq tatbiq etilsa, shubhasiz, Vatanimiz taraqqiyoti, xalq farovonligini yuksaltirish hamda ma’naviy turmushimizni yanada boyitishga erishiladi.
Ilhom RAJABOV,
O‘zMTDP Navoiy viloyati kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA