Soha xodimlariga yangi uylar topshirildi
26-sentyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmati organlari xodimlari kuni
Buxoroda chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari uchun yangi ma’muriy bino, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari hamda xizmat uylari foydalanishga topshirildi.

Tadbirda viloyat hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari Botir Zaripov, huquq-tartibot va xavfsizlikni ta’minlovchi organlar rahbarlari, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, viloyatda oxirgi besh yilda Buxoro harbiy-ma’muriy sektorini rivojlantirish jamg‘armasidan chegara qo‘shinlari bo‘linmalari infratuzilmasini rivojlantirish uchun 70 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi. Ajratilgan mablag‘lar doirasida Romitan tumanidagi chegara qo‘riqlash vzvodi uchun ma’muriy va yordamchi binolar majmuasi barpo etildi. Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun 13 ta xonadondan iborat turar joy binosi, ularning farzandlari uchun esa maktabgacha ta’lim tashkilotining 20 o‘rinli muddatli guruhi binosi qurib bitkazildi. Hududdagi stadion, bolalar o‘yingohi va barpo etilgan boshqa ob’ektlar harbiylarga va ularning oilalariga qulayliklar yaratadi.

Mazkur bino-inshootlarni qurish va foydalanishga topshirish uchun 15,0 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar ajratildi.


Tadbirda inshootlar qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan qurilish tashkilotlari rahbarlari va xodimlariga alohida ehtirom ko‘rsatildi. Yangi xizmat uylari kalitlari o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.