Soha rivojining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov viloyatning madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida faoliyat yuritayotgan bir guruh ijodkorlar, soha mutaxassislari hamda rahbar xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning hududlardagi ijrosi hamda kelgusidagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat rahbari uchrashuv avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida ilgari surilgan tashabbuslar inson kapitali rivoji, milliy o‘zlikni anglash, yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash hamda jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sohani sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, milliy madaniy merosni asrash va targ‘ib qilishga xizmat qiladigan muhim huquqiy asos ekanligi qayd etildi.
Uchrashuvda mazkur vazifalarning Buxoro viloyatidagi ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Qadimiy madaniyat va ma’rifat markazi bo‘lgan Buxoroning boy adabiy va madaniy an’analarini yanada rivojlantirish, ularni keng jamoatchilikka yetkazish hamda yosh avlodga meros sifatida qoldirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida madaniyat va san’atning 21 ta ijodiy yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar tahlil qilindi. Viloyat darajasida biriktirilgan hamkor tashkilotlar, ko‘maklashuvchi muassasalar va sohaga mas’ul rahbarlarning shahar va tumanlardagi faoliyati, hokimliklar bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, mavjud muammolarni aniqlash va hal etish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Xususan, har bir ijodiy yo‘nalish bo‘yicha rivojlanish konsepsiyalarini shakllantirish, hududlardagi ijodiy jarayonlarga metodik rahbarlik qilish, iqtidorli yoshlar va iste’dodli ijodkorlarni kashf etish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Shu bilan birga, mahallalar va ta’lim muassasalarida to‘garaklar tashkil etish, mahorat darslarini o‘tkazish, ijodiy loyihalarni amalga oshirish, festivallar, ko‘rik-tanlovlar va ko‘rgazmalarning mazmunli ssenariylarini ishlab chiqish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.
Tadbirda hududlarda ijodiy muhitni yanada yaxshilash, madaniyat muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, aholining madaniy hayotdagi ishtirokini kengaytirish hamda milliy san’at namunalarini keng targ‘ib qilish bo‘yicha qator amaliy takliflar bildirildi.
Eng muhimi, uchrashuv davomida soha vakillarining fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi. Bu esa madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishda davlat organlari va ijod ahli o‘rtasidagi samarali muloqotning muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor namoyon qildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri