Sog‘lom turmush tarzi –salomatlik garovi
Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi “Dinamo” sport majmuasida "Sog‘lom turmush tarzi – salomatlik garovi" mavzusida tadbir blib o‘tdi.
Sog‘lom turmush tarzi – unumli mehnat, faol dam olish, badantarbiya va sport bilan shug‘ullanish, organizmni chiniqtirish, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, oqilona ovqatlanish, zararli odatlardan o‘zini tiyish, har yili shifokor ko‘rigidan o‘tib turish va shu kabi boshqa ko‘plab omillarni o‘z ichiga oladi. Insonning uzoq umr ko‘rishi ham kundalik hayotimizning bir bo‘lagi bo‘lgan ana shu tartiblarga rioya etishni, o‘z salomatligiga beparvo bo‘lmaslikni talab qiladi.

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi Sirdaryo viloyat hududiy hamda shahar bo‘limi, shahardagi 4-oilaviy poliklinika shifokor va hamshiralari, Sirdaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur tadbir insonlarda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi tibbiyot xodimlarining ko‘rsatmalari asosida "Assalom, tong!" tongi nafas olish mashqlarini bajardi. Shu jumladan, tibbiyot xodimlari tomonidan shaxsiy tarkibning vazn indeksi aniqlandi.

Salomatlik maktabi shifokorlari inson salomatligi uchun o‘ta muhim bo‘lgan va muhim bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlari, uyda va ishda zarurat yuzasidan foydalanish mumkin bo‘lgan dorivor giyohlar, ulardan to‘g‘ri foydalanish borasida o‘zlarining foydali tavsiyalarini berdi. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, sog‘lom ovqatlanish, insonning jismoniy faolligi to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Bu kabi tadbirlarni tez-tez o‘tkazib turishdan maqsad, Ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi va ularning yaqinlari salomatligini asrash, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirish orqali inson salomatligini saqlash, uzoq umr ko‘rish borasida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lishlariga ko‘maklashishdir, – deydi Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Doston Shamsiddinov. – Eng e’tiborlisi, bu galgi “Assalom, tong!” tongi nafas mashqi tadbiri har qachongidan ham ishtirokchilarning faolligi ostida qiziqarli va mazmunli o‘tdi.
Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining (JSST) e’tiroficha, “Salomatlik – bu nafaqat kasallik va jismoniy kamchiliklarning bo‘lmasligi, balki sog‘lom, jismoniy, ruhiy va ijtimoiy holatga ega bo‘lishlikdir. Shaxs, inson salomatligi – bu nafaqat kasallik, xastalik yoki jismoniy kamchiliklarning yo‘qligigina emas, balki, insonning barcha a’zo va organlari faoliyatining tashqi tabiiy va ijtimoiy muhit bilan garmonik mutanosibligi, insonning ijtimoiy, biologik va ruhiy holatining uyg‘unligidir”.
Buni nafaqat o‘zimiz chuqur anglab yetishimiz, yaqinlarimiz, atrofdagilar qalbiga ham chuqur singdirib borishimiz muhim.
Shuhrat Suyarov,
Furqat Toshmatov (surat), O‘zA