Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Sport boshqarmasi hamkorligida “Besh tashabbus” olimpiadasi doirasida “Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kubogi” musobaqalari tashkil etildi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi salomatligini mustahkamlash hamda yoshlarni sport va sog‘lom turmush tarziga keng jalb etishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Ayniqsa, ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning jismoniy va ma’naviy barkamolligini ta’minlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biriga aylangan.

Bellashuvlarda o‘qituvchilar voleybol, shaxmat, shashka, stol tennisi va futbol sport turlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdi. Qizg‘in va qiziqarli kechgan bahslar nafaqat jismoniy chiniqish, balki jamoaviy hamjihatlik, intizom va fidoyilik kabi fazilatlarni ham yanada mustahkamladi.

Musobaqalar yakunlariga ko‘ra, Navbahor tumani o‘qituvchilari jamoasi kubok sohibi bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA