Sog‘lom ovqatlanish – salomatlik tayanchi
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda aholining ovqatlanish xilma-xilligi va mahsulotlarning to‘yimliligini ta’minlash ustuvor maqsad sanaladi.
Bunda fermerlik tajribasini oshirish, gigiyena va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, chiqindilarni kamaytirish hamda sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilishda iste’molchilarning xabardorligini oshirish muhim sanaladi.
Darhaqiqat, bugun O‘zbekistonda sog‘lom ovqatlanish aholi kun tartibining markazida bo‘lishi lozimligi qayd etilmoqda. Shunday tashabbuslar qatoriga oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlashning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi, ovqatlanish bo‘yicha milliy ko‘rsatmalarning ishlab chiqilishi, FAO va YUNICYeF ko‘magida sohada tadqiqot o‘tkazilishi hamda milliy oziq-ovqat tizimlarini transformatsiya qilish bo‘yicha milliy yo‘l xaritasi doirasida monitoring tizimlarini mustahkamlash ayni muddao bo‘ldi.
To‘g‘ri ovqatlanishga moslashuvchi qishloq xo‘jaligi tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha poytaxtimizda tashkil etilgan ikki kunlik milliy o‘quv seminari hukumat vakillari, ekspertlar va soha bo‘yicha hamkorlarni birlashtirdi. Bu esa O‘zbekistonning barqaror sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib etishdagi sa’y-harakatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Tadbir «Yevropa va Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi tizimlarini transformatsiya qilish» mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etildi.
O‘zbekiston ushbu loyihaning Armaniston va Bosniya va Gersegovina bilan bir qatorda uchta pilot davlatidan biridir.
– Barqaror va sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib etish, agrotizimlarni transformatsiya qilish hamda fuqarolarimiz farovonligini ta’minlash uchun ayni tadbirning ahamiyati muhim, dedi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi yordamchisi Sherzod Umarov o‘z nutqida. – Bu jarayonda biz insoniyat salomatligi, sayyoramiz farovonligi va iqtisodiy barqarorlikni uyg‘unlashtiruvchi yondashuvni qo‘llashimiz lozim.
Tadbirlar davomida milliy va xalqaro ekspertlar O‘zbekistondagi oziq-ovqat va ovqatlanish holatini o‘rganib, parhez borasida sog‘liq bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha natijalarni, sog‘lom ovqatlanishga moslashuvchi qiymat zanjirlari kabi innovatsion vositalarni muhokama qildilar.
Interaktiv guruh mashg‘ulotlari orqali ishtirokchilar ekotizimlar va biologik xilma-xillik, oziq-ovqat ta’minoti zanjirlari, muhiti va iste’molchilarning xatti-harakati kabi yo‘nalishlarga o‘z e’tiborini qaratdi.
Shu bilan birga, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi qishloq xo‘jaligi investitsiyalarida oziqlanishni integratsiyalash tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Atrof-muhit ijtimoiy fanlar tadqiqot guruhi esa O‘zbekistondagi shaharlar oziq-ovqat tizimlarini baholashning dastlabki natijalarini taqdim etdi.
Seminarda xalqaro ekspertlar Kristina Lopriore va Valentina Gasbarri barqaror taraqqiyot uchun sektorlararo salohiyatni mustahkamlash va dalillarga asoslangan yechimlardan foydalanish borasida fikrlarini bildirdi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA