Sog‘lom hayot va yoshlar kelajagi dolzarb masala
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi akademik litseyda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi hamda Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi hamkorligida “Sog‘lom hayot, ongli tanlov va yoshlar kelajagi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
7-aprel — Butunjahon sog‘liqni saqlash kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ongli qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, erta nikohning salbiy oqibatlari va bola huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

Davra suhbatida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi raisi Vasila Alimova erta nikohning yoshlar salomatligi, ta’lim olishi va kelajak imkoniyatlariga salbiy ta’siri haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Shuningdek, Salomatlik va strategik rivojlanish institutining Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Sayyora Mullayeva “Yashil iste’mol va inson ongi: odatlarni o‘zgartirish psixologiyasi” mavzusidagi ma’ruzasida inson ongi va kundalik odatlar orqali ekologik madaniyatni shakllantirish, sog‘lom va mas’uliyatli turmush tarziga o‘tish masalalari haqida gapirib o‘tdi.

Tadbirda sog‘lom hayot tarzini tanlash hamda ongli qaror qabul qilish muhimligi alohida ta’kidlandi. Munozaralarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
M.Komilova, O‘zA