“So‘g‘diyona” va yana 7 jamoa chorak finalda
Kuni kecha futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi nimchorak bahslarining oxirgi o‘yini Jizzaxda “So‘g‘diyona” va Farg‘onaning “Neftchi” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv maydon egalarining hujumlari bilan boshlandi. Jizzaxlik futbolchilarning kuchli bosimiga qaramay mehmonlar himoyada tartibli harakat qilib, tez-tez qarshi hujumlarga o‘tib turdi. Har ikkala jamoa 90 daqiqa davomida darvozalar oldida ko‘plab xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirgan bo‘lsalarda, uni golga aylantira olishmadi.

Bellashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmagach, kubok o‘yinlari reglamentiga ko‘ra bitta o‘yindan iborat pleyoff o‘yinida g‘olib aniqlanmasa, 15 daqiqadan 2 ta qo‘shimcha tayim belgilanishi, mabodo unda ham hech bir jamoa zafar quchaolmasa, penaltilar seryasiga murojaat etilishi belgilab qo‘yilgan.

Garchand kech kirib, saraton havosi harorati biroz pasaygan bo‘lsada 30 darajadan yuqori issiqda to‘p tepish har qanday jamoani toliqtirishi shubhasiz. Bunday issiqda, yana 120 daqiqadan ziyod vaqt mobaynida o‘yin taqdirini taktikadan ko‘ra ko‘proq futbolchilarning jismoniy holati hal etadi. Va albatta zahiradan to‘g‘ri va unumli foydalanish ko‘p narsani hal etadi.

Desfekuvalifikatsiyadan so‘ng, o‘yin paytida jamoa murabbiylar shtabi o‘rniga qaytgan Ivan Boshkovich, maydonga o‘yinchi tushirishda juda to‘g‘ri tanlovni amalga oshirdi. “So‘g‘diyona”ning yosh iqtidorli hujumchisi Sardorbek Hoshimov bahsga qo‘shilgan 112-daqiqada to‘pga birinchi bor tegishi gol bilan yakunlandi – 1:0.

Ana shu gol – uchrashuvni boshqargan referi Ilgiz Tantashevning o‘yin yakunlanganligini anglatuvchi hushtagi yangraguncha o‘zgarmadi va “So‘g‘diyona”ni g‘alabasini ta’minlab, chorak finalga olib chiqdi.
Ma’lumot uchun, kubok o‘yinlarining 3-raundida o‘tgan yilgi mamlakat kubogi sohibi Qarshining “Nasaf” hamda finalchi Olmaliqning OKMK jamoalari guruh bahslarida qolib ketgan edi. Ushbu raundda esa joriy mavsum boshida oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan “Neftchi” ham mamlakat kubogi bahslaridan chiqib ketdi.

Endi “So‘g‘diyona” chorak finalda, vodiyning yana bir grand jamoasi Namanganning “Navbahor” klubi bilan yarim final yo‘llanmasi uchun bahs olib boradi.
Shuningdek, kubok o‘yinlarining 3-raundida “So‘g‘diyona” bilan bir guruhda bellashib 2-pog‘onani band etgan holda chorak finalga chiqqan – Toshkentning “Paxtakor” jamoasi, ushbu 4-raundda Nukusning “Aral” klubini kichik – 0:1 hisobida dog‘da qoldirdi va endi poytaxt futbolchilari chorak finalda hamshaharlari “Bunyodkor” jamoasi bilan bahs olib boradi.

Shuningdek, chorak finaldan “Surxon” (Termiz) – “Xorazm” (Urganch), “Qizilqum” (Navoiy) – “Andijon” (Andijon) jamoalari bahslari ham o‘rin olgan.
A.QAYUMOV, O‘zA