“So‘g‘diyona” stadioni zamonaviy qiyofa kasb etmoqda
Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” stadionini zamonaviy talablar asosida qayta qurish va obodonlashtirish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Mazkur yirik loyiha hududda sportni rivojlantirish, muxlislar uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Jarayonlarni joyiga chiqqan holda o‘rganish maqsadida Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Shuhrat Jo‘rayev, “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi davlat muassasasi direktori Dostonbek Qoplonov hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan ob’ektda olib borilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. O‘rganishlar davomida. ayniqsa. tomoshabinlar o‘rindiqlari ustki qismini yopish va inshootni mukammal ta’mirlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida “Yigirmanchi trest o‘n oltinchi vakillik” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Bu esa barcha ishlar belgilangan me’yor va standartlarga muvofiq tashkil etilayotganidan dalolat beradi.

Hozirgi kunda yer ishlari to‘liq yakunlanib, metall ustunlar o‘rnatib bo‘lingan. Ayni paytda tom konstruksiyalari uchun asosiy elementlarni joylash va qoplama o‘rnatish izchil davom ettirilmoqda. Qurilish maydonida zarur materiallar zaxirasi yaratilgan bo‘lib, barcha jarayonlar texnik talablar asosida muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilmoqda.

O‘rganish davomida mas’ullar tomonidan qurilish sifati va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish, ishlarning uzluksizligini ta’minlash hamda sur’atni yanada oshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, ob’ektni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish masalasi ustuvor vazifa sifatida nazoratga olindi.

Ta’kidlash joizki, “So‘g‘diyona” stadionining yangilanishi nafaqat Jizzax shahri, balki butun hudud sport hayotida muhim voqea bo‘ladi. Zamonaviy talablarga javob beradigan stadion yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport infratuzilmasini yanada rivojlantirishda mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri